«Innoprom»da Prezident Shavkat Mirziyoyevga turli mamlakatlardagi raqamli markirovkaning ish faoliyati taqdim etildi

Toshkentdagi «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Yekaterina Priyezjeva va CRPT direktorlar kengashi raisi Mixail Dubin Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovga O‘zbekiston va YeOII mamlakatlarida raqamli markirovkalash ishlari haqida so‘zlab berdi. Markirovkaning iste’molchilar uchun foydasi hamda Rossiya va O‘zbekiston Respublikasining ASL BELGISI va «Chestniy Znak» ilovalari imkoniyatlariga urg‘u berildi.
Foydalanuvchilar xarid qilishdan oldin ushbu ilova orqali mahsulotni mustaqil tekshirishlari – uni skanerlab, yaroqlilik muddati, ishlab chiqarilgan joyi, ruxsat beruvchi hujjatlar bilan tanishishlari, tovar tarkibini bilishlari mumkin.
Bundan tashqari, Rossiyada ilova sut mahsulotlarining butun yo‘lini kuzatish imkonini beradi: fermalar va zavodlar qayerda joylashganidan tortib, kassada xarid qilish paytigacha. Aynan markirovka tufayli sut mahsulotlaridagi qalbakilashtirish 30 foizdan rekord darajadagi 0,01 foizgacha kamaytirildi.
Bundan tashqari, iste’molchilar bozordagi noqonuniy mahsulotlar miqdoriga mustaqil ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Masalan, xarid qilish chog‘ida qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda, bu haqda bevosita ilova orqali nazorat-tekshiruv organlariga xabar berish mumkin. Bunday imkoniyatdan 2019 yildan buyon 250 ming marta foydalanilgan.
Shuningdek, Mixail Dubinning qo‘shimcha qilishicha, 2021 yildan buyon markirovkalash O‘zbekiston budjetiga 6 trillion so‘m daromad keltirgan. Ulardan 2 trilliondan ortig‘i alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha soliq tushumlaridir.
Respublika Prezidentiga Rossiya uskunalarining ishlashi ham namoyish etildi. Savdo-sanoat palatasi Sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda markirovkalash uchun uskunalarni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirdi. Bugungi kunda uskunalarni mahalliylashtirish 90 foizga yetmoqda. Shuningdek, «Kallisto» kompaniyasining alyumin qopqoqlarni markirovkalash bo‘yicha innovatsion texnologiyasi namoyish etildi. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan texnologiyalar o‘ziga xos bo‘lib, markirovkalash uchun maxsus ishlab chiqilgan. Bu tizimni ishga tushirish kerakli tarmoq investitsiyalarini minimallashtiradi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter