Inha talabalari innovatsion ishlanma va yechimlar taqdim etishdi
Toshkent shahridagi Inha universitetining (IUT) «Kompyuter va dasturiy injiniring» fakulteti uchinchi bosqich talabalari «IUT Embedded Systems Design Exhibition 2018» ko‘rgazmasi doirasida o‘zlarining turli innovatsion ishlanmalari va yechimlarini namoyish etishdi.
Uyg‘unlashtirilgan tizim – ixtisoslashtirilgan mikroprotsessorli boshqaruv, nazorat va monitoring tizimi bo‘lib, u bevosita o‘zi boshqarayotgan moslamaga joylashtiriladi va shu holda ishlaydi.
IUT professori Irfanud Din uchinchi bosqich talabalariga «Embedded system», ya’ni uyg‘unlantirilgan tizim (ixtisoslashtirilgan mikroprotsessorli boshqaruv tizimi) fanidan saboq beradi. Dars jarayonida universitet talabalari turli ishlanmalar va yechimlarni ishlab chiqarish to‘g‘risidagi bilimlarni olishdi.
Uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan ko‘rgazma doirasida IUT talabalari 20 ta loyiha va yechimlarni taqdim etishdi.
Xususan, talabalar «Aqlli to‘xtash joyi», «Metroda xavfsizlikni ta’minlash va ogoh qilish tizimi», «ko‘zlar uchun trenajyor», «Aqlli uy», «Robotlashtirilgan qo‘l», «Insonning jismoniy holatini nazorat qilish uchun devays», «Aqlli beshik» va shu kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlanmalarni taqdim etishdi.
Talabalarning ishlarini IUT professorlari baholashdi hamda g‘oliblarni aniqlashdi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, «Interactive Water Curtain» loyihasi bilan Faridun Klichev, Avaz Alimov, Nasiba Lutfullayeva va Bahodir Solihovlar birinchi o‘rinni egallashdi.
Ikkinchi o‘rin «Metroda xavfsizlikni ta’minlash va ogoh qilish tizimi» loyihasi uchun Mirzo-G‘olib Suvonberdiyev, Ravshan Mahmadalliyev, Rahimjon Rustamov va Nig‘matjon Anvarovlarga nasib etdi.
«Pianino» loyihasi bilan Bedilbek Hamidov, Madina Saidova, Malika Anvarjonova va Navro‘z Djandullayevlar uchinchi o‘ringa loyiq deb topildilar.
Men mazkur ko‘rgazmani tashkillashtirgani uchun doktor Irfanud Dinga minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, bunday ko‘rgazmalar orqali talabalarning salohiyatlari namoyon bo‘ladi. Dars vaqtida olgan bilimlaridan foydalangan holda, yoshlar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lib, nostandart fikrlashni o‘rganadilar.
Sarvar Babaxodjayev, IUT rektori
«Embedded Systems» fanining rivojlanishi va tatbiq etilishini, yuqori innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyati va joriy etilish sohasinining rang-barangligini ko‘rib chiqarkanmiz, aytish mumkinki, ko‘p vaqt o‘tmay turib, mazkur texnologiyalar barcha sohalarga tatbiq etiladi, – deydi doktor Irfanud Din. – Shularni inobatga olgan holda, IUT nafaqat sifatli dasturiy muhandislar ishlab chiqaruvchilarga, balki apparat ta’minlash sohasidagi ekspertlarga ham e’tibor qaratadi. Men IUTda ikkinchi marotaba «Embedded Systems Exhibition» ko‘rgazmasini o‘tkazayotganimizdan xursandman. Bu bizga IUTdagi ta’lim sifatiga nazar solish, talabalarning ko‘nikmalarini baholash hamda rag‘batlantirish imkonini beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter