Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inha talabalari yosh daholar tanlovida sovrindor bo‘lishdi

Inha talabalari yosh daholar tanlovida sovrindor bo‘lishdi

Foto: «jinr.ru»

2018-yil may oyining so‘nggi kunlarida o‘tkazilgan «Falling Walls Lab» tanlovining final bosqichida Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning ikki nafar talabasi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.

«Falling Walls Lab» — Germaniyada Berlin devori qulashining 20 yilligiga bag‘ishlab yaratilgan loyihadir. Bu yangi tashkil etilgan yillik fanlararo konferensiya bo‘lib, unda yosh daholar o‘z innovatsion g‘oyalarini ilmiy, ijtimoiy, sanoat yoki biznes sohasida taqdim etishlari mumkin bo‘ladi.

«Falling Walls Lab» yosh olimlar, mutaxassislar va tadbirkorlarga jahon hamjamiyatiga inson faoliyatining deyarli barcha sohalarida uchraydigan turli xil muammo va qiyinchiliklar yechimi bo‘yicha o‘z g‘oyalari, ilmiy-tadqiqot loyihalari va ijtimoiy tashabbuslari, ilg‘or usullarini taklif qilish imkonini beradi. Berlinda o‘tadigan konferensiyaning final bosqichida, yirik siyosatchilar, tadbirkorlar, iqtisodchilar, olimlar, jurnalistlar, faollar, media shaxslar hakamlar hay’atini tashkil etishadi.

25-may kuni O‘zbekistonda ikkinchi marotaba «Falling Walls Lab» tanlovi o‘tkazildi. Tadbir Germaniya elchixonasi tomonidan tashkil etildi va Toshkent shahridagi Inha universiteti uni qo‘llab-quvvatladi.

Foto: «Inha.uz»

Tanlovning final bosqichida 14 ta loyihaning taqdimoti o‘tkazildi. Har bir loyiha mualliflariga hakamlarning e’tiborini qozonishlari uchun 3 daqiqa vaqt ajratildi.

IUT ning ikkinchi bosqich talabasi Doston Mardiyev «Avtomobilni boshqarayotganda uxlab qolmaslik» loyihasi uchun ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

IUT ning uchinchi bosqich talabasi «Qishloq xo‘jaligi tizimi monitoringi» loyihasi bilan Dilmurod Madrahimov uchinchi o‘rinni egalladi.

— Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan ikkinchi marotaba tashkil etilgan ushbu tanlovning yakuniy taqdimotda IUT ning olti nafar talabasi qatnashganidan faxrlanaman, — deydi IUT Rektori Sarvar Boboxo‘jayev. — Ha, ular oliy sovrinni qo‘lga kiritmadilar, ammo o‘zlarining qiziqarli loyihalari bilan ishtirok etdilar. Men ularga izlanishlarini davom ettirishlari va kelgusida eng zo‘r loyihalarni taqdim etishlarini tilayman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring