Imtihondan o‘tkazib qo‘ymoqchi bo‘lgan «tanka» ushlandi
Buxoroda haydovchilik guvohnomasini olish imtihonidan fuqaroni vakolatli tanishlari orqali o‘tkazib qo‘ymoqchi bo‘lgan «tanka» ushlandi.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati, Kogon tumanida yashovchi 26 yoshli A.Sh. fuqaro B.T.ga haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘ladigan imtihondan vakolatli tanishlari orqali o‘tkazishi evaziga undan 400 AQSh dollari talab qilgan.
Holatni o‘rganuv davomida A.Sh. ga kim tomonidan 400 AQSh dollari yetkazib berilishi ham qattiq nazorat ostiga olingan. O‘tkazilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatda vositachining ham shaxsiga aniqlik kiritilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs Kogon tumani fuqarosi H.A. bo‘lgan.
A.Sh. fuqaro H.A.dan 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtda har ikkisi ham ushlangan.
Bu vaziyatda H.A. huquq-tartibot idoralari vakillariga o‘zining ham vositachi ekani, asosiy «tanka» boshqa shaxsligi haqida ko‘rsatma bergan. Tezkor tadbir yana davom ettirilgan.
Ularning jinoiy sherigi - asosiy «tanka» Kogon tumanilik 25 yoshli Sh.J. ekani oshkor bo‘lgan. Sh.J. haydovchilik maktabi o‘quvchisiga haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘ladigan test sinovlaridan o‘tkazib berish evaziga 400 AQSh dollarini so‘ragan va u ham aynan o‘zi talab qilgan pulni pora tariqasida olayotganda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhning a’zolari A.Sh., H.A. va Sh.J. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter