Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«IMEI-kod masalasi parlament nazoratida bo‘ladi» — deputat

«IMEI-kod masalasi parlament nazoratida bo‘ladi» — deputat

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda respublikamizda mobil aloqa vositalarini xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari asosida ro‘yxatga olish (IMEI-kodlari) amaliyoti ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu masala haqida Shuhrat Sharafutdinov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati o‘zining mulohazalarini bildirdi.

IMEI-kodlari asosida ro‘yxatga olish tizimini joriy etishdan quyidagi asosiy maqsadlar ko‘zda tutilgan:

  • Mobil aloqa qurilmalaridagi o‘ziga xos identifikatsiya kodlarining to‘g‘riligini tekshirish orqali ularning mulkdorlari (egalari) huquqlarini himoya qilish ta’minlanadi;
  • mobil aloqa qurilmasidan uning egasini ogohlantirmasdan, noqonuniy foydalanishning oldi olinadi;
  • bozorlarimizda xalqaro standartlarga mos kelmaydigan sifatsiz mobil telefonlar sotilishiga chek qo‘yiladi...

Bu masala bo‘yicha 2018-yil 22-oktyabrda Vazirlar Mahkamasining 847-qarori ham qabul qilingan. Aynan ana shu qarordan so‘ng aholi o‘rtasida ko‘plab savollar tug‘ila boshladi.

Natijada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi mutasaddi tashkilotlar, jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga murojaat qildi. Shu masala yuzasidan qo‘mitada eshituvlar tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan ayrim masalalarga oydinlik kiritildi. Misol uchun, so‘nggi paytlarda ichki bozorlarimiz kontrafakt hamda sifatsiz, inson sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazuvchi mobil aloqa qurilmalari bilan to‘lib borayotganligi ochiq aytildi. Bundan davlat budjeti ham jiddiy zarar ko‘rayotgani va bu holat telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga ham xalaqit berayotgani ta’kidlandi.

Ana shu eshituvlarda mutaxassislar bildirgan fikrlar qanchalik xaqiqatga yaqin ekanini aniqlash maqsadida Parlament qo‘mitasi tomonidan monitoring olib borildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018-yilda respublikamizga mobil telefonlar importi 13,5 mingta va umumiy qiymati 1,8 mln. AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 2019-yilning yanvar-oktyabr oylarida mazkur raqamlar mos ravishda qariyb 80 mingtaga va 5,5 mln.dollarga ko‘paygan. 2019-yil noyabr-dekabr oylarida esa O‘zbekistonga rasman olib kirilgan mobil telefonlarning soni 460,8 mingtaga va umumiy qiymati 17,4 mln. dollarga yetgan. 2020-yilning dastlabki bir yarim oyi davomida respublikamizga jami 8,5 mln.dollarlik 110,4 mingta ana shunday qurilmalar olib kelingan.

Raqamlardan ko‘rinadiki, 2018-yilga nisbatan 2019-yil yakuniga ko‘ra yurtimizga mobil qurilmalar importi keskin ravishda ko‘paygan. Lekin aslida, 2018-yilda ham O‘zbekistonga kamida 400-500 mingta ana shunday aloqa vositalari keltirilmaganiga hech kim kafolat bera olmaydi. Faqat bu borada aniq hisob-kitob yuritilmagan, keltirilgan qo‘l telefonlari ro‘yxatga olinmasdan, bozorlarimizda noqonuniy sotilavergan. Bunday savdodan tushgan mablag‘ ham davlat budjetini chetlab o‘tavergan.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentyabrda qabul qilingan 778-qarori asosida mamlakatimiz hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi va shartlari belgilanib, tegishli nizom tasdiqlandi. Mazkur nizomga asosan, mobil qurilmalarni 2019-yil 1-noyabrgacha bepul, 2019-yil 1-dekabrdan esa pulli asosda ro‘yxatga olish tartibi belgilandi.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar natijasida mobil qurilmalar importi hamda bu boradagi budjet tushumlari sezilarli darajada ko‘paygan. Jumladan, 2019-yil noyabr-dekabr oylarida 27,2 mlrd.so‘m, 2020-yilning dastlabki bir yarim oyida esa 22,2 mlrd. so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan. Qiyoslash uchun: 2018-yil davomida mazkur ko‘rsatkich 5,1 mlrd. so‘mni, 2019-yilning yanvar-oktyabr oylarida esa 10,3 mlrd. so‘mni tashkil qilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, bu boradagi sa’y-harakatlarning ijobiy natijalari yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan IMEI-kodlarini ro‘yxatga olishda nega 44600 (bitta IMEI-kodi uchun bazaviy hisoblash miqdori 20 foiz) so‘m pul to‘lanishi, bu mablag‘lar nimalarga ishlatilayotgani masalasida Oliy Majlisga ko‘plab murojaatlar tushmoqda.

Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha yaratilgan tizim uchun xarid qilingan texnika va texnologiyalarni sotib olish uchun yo‘naltirilgan xarajatlarni qoplash, mamlakatimizda, ayniqsa, qishloqlar va chekka aholi punktlari, turistik va rekreatsion hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq loyihalarini amalga oshirish uchun sarflanishi belgilangan. Jamg‘arma mablag‘lari hududlarda aholi va yoshlarning kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha o‘quv markazlarini barpo etishda ham asqotishi mumkin. Hukumat qarorlariga muvofiq, davlat organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan loyihalarni maqsadli moliyalashtirish maqsadida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi mumkin.

Albatta, yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi Parlament tomonidan qat’iy nazoratga olinib, bu boradagi ma’lumotlarning shaffofligi ta’minlanadi, deydi deputat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring