Ilyumjinov FIDE prezidentligidan chetlatildi, u esa tashkilotni sudga bermoqchi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning axloq bo‘yicha komissiyasi Kirsan Ilyumjinovni tashkilot prezidenti lavozimidan chetlatdi, deb xabar bermoqda «TASS».
Ilyumjinov ustidan komissiyaga shikoyatni tashkilot vitse-prezidenti Georgios Makropulos topshirgan.
Komissiya qaroriga ko‘ra, prezident 2017-yilning mart oyidan to 2018-yil apreliga qadar tashkilotning axloq kodekslari qoidalarini buzib kelgan.
Komissiya ma’lumoti: «Ilyumjinov tashkilot bank hisoblari yopib qo‘yilganidan so‘ng o‘z lavozimidan ketishni rad etdi, bo‘hton va ig‘vo bayonotlari bilan FIDE prezidentlik kengashi a’zolarini obro‘sizlantirishga urindi».
Qisqasi, Ilyumjinov o‘z manfaatlarini tashkilot manfaatlaridan ustun qo‘yib, vakolatlarini oshirib yuborganlikda ayblangan.
Yangi prezident saylanadi
«TASS» xabarida Ilyumjinov 18 oyga chetlatilgani aytilgan. Joriy yilning 13-iyulidan u olti oyga chetlatiladi, qolgan 12 oy shartli bo‘lib ikki yillik sinov muddati bor.
Gruziyaning Batumi shahrida 3-oktyabr kuni FIDE kongressi o‘tkazilishi va tashkilotga yangi rahbar saylovi o‘tkazilishi kutilmoqda. 1995-yildan prezident bo‘lib kelayotgan Ilyumjinov saylovga nomzodini qo‘ymadi. FIDE prezidentligiga hozirgi vitse-prezident Georgios Makropulos, britan grossmeysteri Nayjel Short va Rossiya shaxmat federatsiyasi vasiylik kengashi a’zosi Arkadiy Dvorkovich nomzodlari qo‘yilgan.
Ilyumjinov tashkilot bilan sudlashmoqchi
«Izvestiya» nashri esa Kirsan Ilyumjinovning voqea yuzasidan izohini berdi:
«Ularning bunga haqqi yo‘q. Ular men AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan 2015-yildan beri meni yo‘qotishga urinib kelishadi. Buni xalqaro tashkilotning ichki ishlariga aralashuv deb hisoblayman. FIDE ning Georgios Makropulosga o‘xshagan ayrim g‘arblik a’zolari amerikaliklarning nog‘orasiga o‘ynashga urinishmoqda. Men kurashaman. Xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilaman».
FIDE Ilyumjinovning chetlatilishiga izoh berdi
«Bu qarorning siyosatga hech qanday daxli yo‘q. FIDE ning axloq komissiyasi mustaqil organ — uni bosh assambleya saylaydi», — deya FIDE vakilidan iqtibos keltirgan «Reuters».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter