Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ilm-fanga yo‘naltiriladigan mablag‘lar 10 baravarga oshiriladi» — Prezident

«Ilm-fanga yo‘naltiriladigan mablag‘lar 10 baravarga oshiriladi» — Prezident

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fanlar akademiyasi jamoasiga tabrik yo‘lladi.

«Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli ilm-fan sohasi vakillari!

Avvalo, siz, azizlarni – zahmatkash olim va akademiklar, iqtidorli tadqiqotchilar, doktorant hamda aspirantlarni, yurtimizdagi barcha ilmiy xodimlarni bugungi qutlug‘ sana – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ulug‘ alloma Mahmud Koshg‘ariyning «Olimning yostig‘i toshdandir», degan so‘zlarida ilm ahli izlanib, mashaqqat chekib bo‘lsa-da, doimo odamlarga nur ulashib yashaydi, degan hikmat mujassam ekanini sizlar albatta yaxshi tushunasiz.

Biz sizlarning timsolingizda bamisoli igna bilan quduq qazib, yangi tadqiqot va ishlanmalar yaratayotgan, Yangi O‘zbekistonning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirib kelayotgan ana shunday fidoyi insonlarni ko‘ramiz.

Ushbu qutlug‘ ayyomda 80 yil mobaynida g‘oyat murakkab va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi yurtimizda yuzlab atoqli olim va akademiklarni tarbiyalab, ilm-fan sohalari bo‘yicha nufuzli ilmiy maktablar yaratishga katta hissa qo‘shganini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Mustaqillik davrida, ayniqsa, keyingi yillarda sizlar ana shunday yutuqlarni buyuk ajdodlarimiz asos solgan shonli an’analarga uyg‘un holda boyitib, mamlakatimizda ilm-fan rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqdasiz.

Akademiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, uning tarkibida yangi ilmiy tashkilotlar ochilib, tizimdagi muassasalar soni qariyb 1,5 barobar ko‘paydi. Ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Yetakchi olimlar, iste’dodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ilm-fan namoyandalarining obro‘-e’tibori va nufuzini oshirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Soha vakillarining ish haqi hamda doktorantlarning stipendiyasi 3 barobar, akademiklarning gonorari 2 martadan ziyod oshirilgani, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshiga 60 foizgacha ustama haq to‘lash tizimi joriy etilgani buni tasdiqlaydi.

Fanlar akademiyasi a’zolarining ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash, sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan tadqiqotchilar uchun imtiyozli asosda kvartiralar ajratildi, oilali yosh doktorantlar bepul uy-joylar bilan ta’minlandi.

Akademiyaning nufuzli xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlardagi ilmiy markazlar bilan hamkorligi kuchayib, ular bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar ko‘lami ikki-uch barobar kengaydi.

Stajyor-tadqiqotchilik instituti qayta tiklanib, iste’dodli yosh tadqiqotchilarni tayyorlash sifati yaxshilandi. Hozirgi paytda O‘zbekistonda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan 30 mingdan ortiq tadqiqotchilarning yarmidan ortig‘ini aynan yoshlar tashkil etayotgani sohaning kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolat beradi.

Aziz yurtdoshlar!

Ma’lumki, milliy tariximizda yorqin iz qoldirgan birinchi va ikkinchi Renessanslar zamirida avvalo ilm-fan yutuqlari mujassamdir. Bugun biz barpo etayotgan Uchinchi Renessans poydevori ham, hech shubhasiz, inson kapitali, ilm-fan, innovatsiya va yangi kashfiyotlar asosida bunyod qilinadi.

Shu bois «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalar yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni belgilab oldik. Xususan, ilm-fanga yo‘naltiriladigan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2025 yilga qadar 6 marta, 2030 yilgacha esa 10 marta oshirishni rejalashtirganmiz.

Bunday strategik vazifalarni amalga oshirishda birinchi navbatda sizlar kabi ilm-fan namoyandalarining ulkan salohiyatiga tayanamiz. Biz yurtimizdagi barcha olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun bundan buyon ham zarur kuch va imkoniyatlarni ishga solamiz.

Muhtaram bayram ishtirokchilari!

Sizlarni, sizlarning timsolingizda mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi quvonchli ayyom bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.

G‘oyat sharafli va mas’uliyatli vazifalarni ado etishda sizlarga kuch-g‘ayrat, mustahkam salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuq va omadlar tilayman», — deyiladi tabrikda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring