Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

20 yildan beri Ozarboyjonni boshqarayotgan Ilhom Aliyev yana prezidentlik uchun nomzod sifatida ko‘rsatildi

20 yildan beri Ozarboyjonni boshqarayotgan Ilhom Aliyev yana prezidentlik uchun nomzod sifatida ko‘rsatildi

Foto: ERR

«Yangi Ozarboyjon» partiyasi boshqaruvi mamlakatning amaldagi prezidenti Ilhom Aliyevni 2024 yil fevralida bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik sayloviga nomzod sifatida ko‘rsatdi. 15 dekabr, juma kuni hukmron partiya raisi o‘rinbosari Tohir Budagov partiya 20 yildan beri hukmronlik qilib kelayotgan Aliyevning nomzodini qo‘llab-quvvatlashini, chunki uning rahbarligida Ozarboyjon «muhim yutuqlar» va «tarixiy g‘alaba»ga erishganini aytdi.

Dekabr oyi boshida Aliyev mamlakatda 2024-yil 7-fevralda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, u Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi Boku nazoratiga qaytganidan keyin o‘zining yuqori reytingidan foydalanishga harakat qilmoqda. Davlat ijtimoiy so‘rovlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 75 foizi Aliyevning Armaniston bilan mojarodagi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ozarboyjon prezidenti, qonunga ko‘ra, 7 yil muddatga saylanadi. Bu mamlakatda oxirgi marta prezidentlik saylovlari 2018-yil bahorida o‘tkazilgan bo‘lsa, keyingi saylovlar 2025-yilga belgilangan edi.

Ilhom Aliyev Ozarboyjonni 2003-yildan beri boshqarib kelyapti, o‘shanda u otasi Haydar Aliyevning lavozimini egallagandi. 2009-yilda referendumda konstitutsiyaga davlat rahbariga bu lavozimni cheksiz egallashga ruxsat beruvchi o‘zgartirish kiritildi. 2016-yilda yana bir konstitutsiyaviy islohot amalga oshirildi, uning davomida prezidentlik muddati 7 yilga uzaytirildi. O‘sha yili Aliyev rafiqasi Mehribonni vitse-prezident etib tayinladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring