Ilhom Aliyev keskin bayonot berdi
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev xalqaro tashkilotlar qarorlari ijrosiz qolayotganini tanqid qildi.
Dunyoning yetakchi xalqaro tashkilotlari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi paysalga solinmoqda. Bu haqda Ilhom Aliyev serbiyalik hamkasbi Aleksandr Vuchich bilan uchrashuv yakunidagi bayonotda gapirgan.
I.Aliyev, avvalo, Ozarbayjon va Serbiya strategik hamkor sifatida bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Ayni choqda, u xalqaro tashkilotlar faoliyatini tanqidiy baholagan.
«Bizning hududlarimiz uzoq yillar davomida ishg‘ol ostida bo‘ldi. Ishg‘ol munosabati bilan yetakchi xalqaro tashkilotlar tomonidan muhim qaror hamda rezolyusiyalar qabul qilingan. Bu borada BMT Xavfsizlik kengashining to‘rt rezolyusiyasini alohida qayd etishim lozim. Ularda Armaniston qurolli kuchlarini Ozarbayjon yerlaridan zudlik bilan, so‘zsiz va to‘liq olib chiqish talabi ham bor edi. BMT Bosh assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Yevropa kengashi, Yevropa parlamenti, YeXHT, ya’ni barcha yetakchi xalqaro tashkilotlar bizning pozitsiyamizni qo‘llab-quvvatlab qaror va rezolyusiyalar qabul qildi, lekin masala baribir yechim topmadi», – deydi I.Aliyev.
Bunga sabab sifatida u xalqaro tuzilmalar qaror va hujjatlari tanlov asosida ijro etilishini ko‘rsatgan.
«BMT Xavfsizlik kengashi rezolyusiyalari ba’zida bir necha kun, ba’zida bir necha soat ichida ijro etiladi. Bizning masalaga kelganda, bunga erisha olmadik, ushbu qarorlar ijrosini 27 yil kutdik. Shu bois ham dunyo hamjamiyati xalqaro tashkilotlarning kelgusi faoliyati yuzasidan o‘z takliflarini berishi lozim», – deydi Ozarbayjon yetakchisi.
I.Aliyevga ko‘ra, hujjatlar ijro etilmagach, muzokaralar naf bermagach, Ozarbayjon BMT nizomida ko‘zda tutilgan huquqdan foydalanib, o‘z hududiy yaxlitligi hamda adolatni tikladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter