«Rivojlangan davlatlar bu qotilliklarga ko‘z yummoqda» — Shavkat Mirziyoyev G‘azo haqida
Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrifi doirasida OAV vakillariga bayonot berdi. Unda G‘azo fojiasiga alohida to‘xtaldi:
«… Bugun xalqaro hamjamiyatning, jumladan, G‘arb davlatlarining fojiaga bo‘lgan munosabati bizni qattiq xavotirga solmoqda. Amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilmoqda. Demokratiya va inson huquqlarini keng targ‘ib qilgan va ularning himoyasida turgan yetakchi, rivojlangan davlatlar bu qotilliklarga, bu vahshiyliklarga ko‘z yummoqda. Albatta, zo‘ravonlikni to‘liq to‘xtatish va tinchlik jarayonini boshlash kerak. G‘azo fojiasi haligacha hal qilinmagan Isroil-Falastin ziddiyatining ayanchli oqibatlaridir. Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart. Aslida Falastin muammosi butun Yaqin Sharq muammosidir.
O‘zbekiston ana shu o‘tkir muammo bo‘yicha Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on janobi oliylarining bildirayotgan adolatli tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, biz muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etish borasida olib borayotgan ishlarimiz bo‘yicha hamkorlikni davom ettiramiz», deya bayonot berdi O‘zbekiston rahbari.
«O‘zbekiston zaminida tug‘ilib, kamol topgan, musulmon olamida yuksak e’tirof etilayotgan mutafakkirlar - Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahovuddin Naqshband kabi ulug‘ zotlarning bebaho ma’naviy-madaniy merosiga qardosh turk xalqining diqqat va e’tibori tobora ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik.
Hurmatli Erdogan janobi oliylarining Islom diniga qarshi har qanday salbiy harakatlarga nisbatan qat’iy pozitsiyasi ham alohida ehtirom va e’tirofga loyiqdir. Biz hozir murakkab vaziyatda dinimizga qarshi yovuz kuchlarning turli xuruj va bosimlariga birgalikda javob qaytarishga kelishib oldik».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter