Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikkita atom bombasidan omon qolgan odam

Ikkita atom bombasidan omon qolgan odam

Ikkinchi jahon urushi vaqtida 260 000 ga yaqin odam Xirosima va Nagasakiga uloqtirilgan atom bombasi dahshatini boshdan kechirdi. Ulardan biri — yapon muhandisi Sutomu Yamaguti ikkala portlashdan so‘ng ham uzoq umr ko‘rdi. Qirq yil qirg‘in kelsa ham ajali yetgan o‘ladi, deb shuni aytishsa kerak...

Xizmat safarining oxirgi kuni

O‘shanda harbiy-dengiz flotining 29 yoshli muhandisi Sutomu Yamaguti o‘zi ishlayotgan Mitsubishi Heavy Industries topshirig‘iga ko‘ra, Xirosimada xizmat safarida edi. U hamkasblari bilan yangi neft tankeri loyihasi ustida uzoq ishlab, yozni o‘tkazdi. 1945-yilning 6 avgusti ularning shahardagi so‘nggi kuni edi. Yamaguti xotini Xisako va jajji o‘g‘li Katsutosini sog‘ingan, ularning oldiga — uyga qaytishni sabrsizlik bilan kutayotgandi.

Soat 8:15 larda «Mitsubisi» ta’mirlash korxonasiga yo‘l olgan Yamaguti boshi uzra samolyotning guvillagan tovushini eshitdi. U osmonga qarab, shahar ustida parvoz qilayotgan Amerikaning V-29 bombardimonchi samolyoti parashyutga biriktirilgan kichik buyumni tashlaganiga ko‘zi tushdi. Qo‘qqisdan osmon yorqin chaqnab, Yamaguti keyinroq yozishicha, «ulkan magniyli chaqmoq chaqdi». Quloqni qomatga keltiruvchi gumburlashdan oldin Yamagutining zovurga yashrinishga vaqti bor edi. Portlashning zarbali to‘lqini uni yerdan uzib olib, xuddi quyun kabi havoda aylantirdi va qo‘shni kartoshka jo‘yagiga uloqtirib yubordi. Bu joy bilan epitsentr oralig‘i uch kilometr ham chiqmasdi.

«Men nima bo‘lganini bilmayman, — dedi u keyinroq Britaniyaning «Tayms» gazetasiga. — Aftidan, qandaydir vaqt mobaynida hushimni yo‘qotgan bo‘lsam kerak. Ko‘zlarimni ochganimda atrof qop-qorong‘i va men deyarli hech nimani ko‘rmasdim. Bu kinoteatrdagi film boshlanishiga o‘xshar, go‘yo kino qo‘yilishidan oldin bo‘sh kadrlar hech bir ovozsiz shunchaki chaqnayotgandek edi».

Vayronakor yomg‘ir

Atomning portlashi ertalabki quyoshni to‘sishi uchun yetarli miqdorda chang va chiqindilarni dast ko‘tarib yuborgan edi. To‘kilayotgan kullar orasida qolib ketgan Yamaguti Xirosima osmoniga ko‘tarilayotgan zamburug‘ ko‘rinishidagi quyuq tutunni ko‘ra oldi. Uning yuzi va bilaklari kuchli kuygan, ikkala qulog‘ining ham pardasi yorilgan edi.

Yamaguti karaxt va dong qotgan holda «Mitsubisi»dan qolgan korxona binosiga yetib oldi. U yerda o‘zi kabi dahshatli portlashni boshdan kechirgan hamkasblari Akira Ivanaga va Kuniyesi Satoni topdi. Bombapanohda tashvishli kechani o‘tkazgan erkaklar 7-avgust kuni uyg‘onishdi va qandaydir tarzda hozirgacha ishlab turgan temir yo‘l stansiyasiga ravona bo‘lishdi. Ularning qo‘rqinchli safari miltillab turgan olovlar, vayronaga aylangan imoratlar, ko‘chadagi ko‘mirga aylangan va erigan jasadlardan iborat dahshatli manzara tomon yetakladi. Shaharning talay ko‘priklari mayishgan, yaroqsiz holga kelgan edi. Yamaguti qalqib turgan jasadlar orasidan suzib o‘tishga majbur bo‘ldi. Stansiyaga yetib olgach, qadrdon shahri Nagasakiga ketish uchun kuygan va abgor yo‘lovchilarga to‘lgan poyezdga o‘tirdi.

1945-yil 6-avgustdagi atom bombasi portlagan epitsentrga yaqin bino Xirosima savdo-sanoat palatasi edi. Bino ta’mirsiz holatda edi.

Yamaguti xotini va bolasining yoniga qaytguniga qadar butun dunyo Xirosimaga nigohini qaratdi. Portlashdan o‘n olti soat o‘tgach, prezident Garri Trumen ilk bor atom bombasining mavjudligi haqida nutq so‘zladi. «Bu Koinotning asosiy kuchidan foydalanishdir, — dedi u. — Bu shunday kuchki, quyosh o‘zining quvvatini to‘plab oldi va Uzoq Sharqqa urush keltirganlarga qarshi qo‘yib yuborildi».

«Enola Gay» nomi ostidagi V-29 bombardimonchi samolyoti Tinch okeanidagi Tinian oroli ustidan o‘tdi va Xirosima osmonidan «Jajji bolakay» nomi bilan tanilgan bombani tashlashdan avval salkam 1500 mil masofani uchib o‘tdi. Portlash natijasida bir vaqtning o‘zida 80 000 ga yaqin odam halok bo‘ldi va keyingi haftada yana o‘nlab insonlar o‘ldi. Trumen o‘z chiqishida, agar Yaponiya taslim bo‘lmasa, «bu zamin havodan hech qachon ko‘rmagan vayronakor yomg‘ir»ni kutishi mumkinligini aytib ogohlantirdi.

Rahbar oldidagi hisobot

Yamaguti erta tongda Nagasakiga kirib bordi va oqsoqlanib kasalxonaga yo‘l oldi. Davolovchi shifokor uning maktabdagi sobiq sinfdoshi edi. Yamagutining qo‘llari va yuzlari shunchalik kuygan ediki, qorayib ketganidan erkak dastlab uni tanimadi. Uyda oilasi ham uni tanimadi. Qaltiroq tutgan va bint bilan bog‘lab tashlangan Yamagutini onasi arvoh deb atadi.

Garchand Yamaguti o‘zini yomon his qilsa-da, 9-avgust kuni ertalab to‘shakdan turdi va «Mitsubisi»ning Nagasakidagi ofisiga ishga ketdi. Soat 11 lar atrofida kompaniya direktori bilan uchrashdi va rahbar undan Xirosimada bo‘lgan paytdagi to‘liq hisobotni talab qildi. Muhandis 6 avgustdagi dahshatli hodisalar — ko‘zni qamashtiruvchi yorug‘lik, quloqni batang qiluvchi gumburlash haqida aytib berdi, biroq boshliq uni aqldan ozganlikda aybladi. Bitta bomba qanday qilib butun shaharni vayron qilishi mumkin? Yamaguti tushuntirishga harakat qilayotganida kutilmaganda yana bir rang-barang oppoq charaqlash deraza ortidagi manzarani buzib yubordi. Muhandis zarbali to‘lqin ofis derazasini chilparchin qilib, shisha siniqlarini xona bo‘ylab sochishidan bir necha soniya avval polga yiqildi. «Zamburug‘li quyuq tutun Xirosimadan meni ta’qib etib keldi, deb o‘yladim», — dedi u keyinroq The Independent gazetasiga.

Nagasaki tibbiyot kolleji shifoxonasi binosi 1945-yil 9-avgustda AQSh tashlagan ikkinchi atom bombasidan so‘ng vayron bo‘lmay qolgan yagona bino edi. Atom bombasi portlagan markazdan 800 metr narida edi u.

Ikkinchi bomba Xirosimaga uloqtirilganidan ham kuchli edi, biroq Yamaguti anglashicha, shaharning baland-past landshafti mahkam biriktirilgan zina bilan muvofiq tarzda ofisga portlash miqyosini pasaytirib bergan. Muhandisning bintlari yirtilib ketgan bo‘lsa-da, ammo u saratonni keltirib chiqaruvchi radiatsiya to‘lqinidan bir qadar zarar ko‘rmagan edi. Oradan uch kun o‘tgan va u ikkinchi atom portlashidan uch kilometr narida bo‘lgan. Va ikkinchi marta ham yashab ketdi.

BMT minbaridagi ma’ruza

 «Mitsubisi» binosini tark etgan Yamaguti bomba vayron qilgan Nagasaki xarobalari bo‘ylab xotini va bolasidan xabar olish uchun yugurdi. Uyining bir qismi vayronaga aylanganini ko‘rganida ruhi tushib ketdi, biroq ko‘p o‘tmay ularning har ikkisi ham yengil jarohat olganini ko‘rdi. Xotini erining kuygan joylari uchun malham dori izlayotgan bo‘lgan, portlash ro‘y berganida u va o‘g‘li tunnelga yashiringan. Bu taqdirning yana bir g‘aroyib burilishi edi. Agar Yamaguti Xirosimada jabr ko‘rmaganida uning oilasi Nagaskida halok bo‘lishi mumkin edi.

Keyingi kunlar ikki karra radiatsiya olgan Yamagutini azobga soldi. Uning sochlari to‘kilib, qo‘llaridagi yara qorasonga aylana boshladi va to‘xtovsiz lo‘qillab og‘ridi. U Yaponiya imperatori Xiroxito mamlakatning taslim bo‘lishi haqida 15-avgustda e’lon qilmaguncha oilasi bilan bombapanohda edi. «Menda bu borada hech qanday hissiyot yo‘q edi, — degan Yamaguti «Tayms»ga. — Na ranjigan, na quvongan edim. Men bezgak bilan jiddiy kasallangan, deyarli hech nima yemasdim va ichmasdim. Mana, hozir boshqa tomonga o‘taman, deb o‘ylardim».

Shunga qaramay, radioaktiv nur bilan nurlangan boshqa ko‘plab qurbonlardan farqli o‘laroq, Yamaguti sekin-asta tuzala boshladi va nisbatan me’yoriy hayotda yashashda davom etdi. U mamlakatni istilo qilgan AQSh qurolli kuchlariga tarjimonlik qildi, keyin esa «Mitsubisi»dagi mavqeini tiklagunga qadar maktabda dars berdi. Hatto, 1950-yillarda ularning oilasida ikki qizaloq dunyoga keldi.

Yamaguti Xirosima va Nagasakidagi dahshatli xotiralarini o‘zining she’rlarida aks ettirdi, biroq tajribalarini ommaviy muhokama qilishdan qochdi. Yodnomalar chiqargach va atom bombasiga qarshi kurashish harakatining bir qismiga aylangach, 2006-yili Nyu-Yorkka yo‘l oldi. Yadroviy qurolsizlanish haqida BMT minbarida ma’ruza qildi.

Sutomu Yamaguti ikki atom portlashidan omon qolgan yagona inson emas. Uning hamkasblari Akira Ivanaga va Kuniyesi Sato ham ikkinchi bomba tushganida Nagasakida edilar. Havo ilonlari yaratuvchisi Sigesi Morimoto esa epitsentrdan bor-yo‘g‘i bir kilometr narida bo‘lgan, shunga qaramay, mo‘’jiza tufayli yashab qolgan. Hammasi bo‘lib, har ehtimolga ko‘ra, 165 kishi ikkita portlashni boshdan o‘tkazgan, ammo yapon hukumati faqat Yamagutini rasman «nidzyuu xibakusha» yoxud «ikki marta bombardimonga yo‘liqqan» deb topdi. Sutomu Yamaguti bu unvonni 2009-yilda oldi va oradan bir yil o‘tgach oshqozon saratonidan vafot etdi. U 93 yoshda edi.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring