Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki xalq do‘stligining yorqin ifodasi

Ikki xalq do‘stligining yorqin ifodasi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahridagi «Do‘stiy» maydonida Ismoil Somoniy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

So‘ng «Ko‘hi Borbad» san’at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatlarimiz yaqin qo‘shni, xalqlarimizning muqaddas yeriyu suvi, dini bir, tarixi va taqdiri, tashvishu shodliklari mushtarak ekani qayd etildi.

– Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro manfaatli hamkorligimizni rivojlantirib, katta maqsadlarimizga erisha olamiz. Biz doim bir-birimizga tayanch bo‘lishimiz, har qanday qiyinchilik va sinovlarni yelkama-yelka yengib o‘tishimiz lozim, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berib, ularni O‘zbekiston va Tojikistondagi millionlab odamlar o‘z kundalik hayotida his etmoqda.

– Bu O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli, yangi muhitida o‘z aksini topmoqda. Eng muhimi, barcha sa’y-harakatlarimiz va amaliy ishlarimiz xalqlarimiz manfaatlari va orzu-intilishlariga to‘liq mosdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat san’at ustalarining bunday konsertlari xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy va samimiy do‘stlikni ifodalovchi yaxshi an’anaga aylangani, san’at xalqlarni yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

– Insonga turli chegaralar o‘rnatish xos bo‘lsa, san’at chegara bilmaydi, uning buyuk vazifasi – odamlarni birlashtirish. Mehr-oqibatli bo‘lish, tinch-totuv yashash – xalqlarimizning azaliy orzusi va samimiy intilishidir. Biz ham, ikki davlat rahbarlari – o‘rtamizdagi chegaralar bizni ajratishga emas, faqat birlashtirishiga xizmat qilishi uchun bundan buyon ham harakat qilamiz.

Tinchlik va osoyishtalikni asrash, kelajak avlodlar uchun mamlakatlarimizning barqaror va izchil taraqqiyotini ta’minlash – umumiy burchimiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Konsert dasturida iste’dodli san’atkorlar xalqlarimiz madaniyatining boyligi, o‘ziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligini namoyish etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring