Ikki qo‘shni mamlakat parlamenti o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamenti delegatsiyasining uchrashuvi
2017-yil 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev bilan Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘orku Keneshi To‘rog‘asi D.Jumabekov boshchiligidagi Qirg‘iz Respublikasi parlament delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarning, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holatini, ularni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Qirg‘iziston Respublikasi parlament delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasiga tashrif yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik izhor etdi hamda Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshevga Qirg‘iziston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan borishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Qirg‘iziston parlament delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi, rejalashtirilgan muzokaralar va uchrashuvlar, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga hamda mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Qirg‘iziston delegatsiyasining tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘orku Keneshi o‘rtasida ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Amaliy tadbirlar rejasi» («Yo‘l xaritasi»)ni imzolash rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter