Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahar IIBB sha’nini toptaganlar jinoiy javobgarlikkacha tortilishi mumkin
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqdagi turli ig‘volar, gap-so‘zlar va haqorat qilayotganlar uchun rasmiy murojaat bilan chiqib, fuqarolarni ogohlantirdi.
«Hurmatli hamshaharlar! Toshkent shahar IIBB Sizning har bir xabar, e’tiroz va murojaatingizni diqqat bilan o‘rganib chiqadi. Sizning fikringiz juda muhim va biz tanqidlarni ham tinglashga tayyormiz. Lekin tanqid o‘rinli, asosli va haqqoniy bo‘lishi lozim. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurash, tartibni saqlash va yurtdoshlarimiz himoyasi borasidagi faoliyatimizni sifat jihatidan yaxshilashga yordam beradi.
Biroq keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda uyat so‘zlarni yozishdan tortinmaydigan, ichki ishlar organlari faoliyatini yaxshilashga aloqador bo‘lmagan izoh bildiradigan kimsalar paydo bo‘lmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor R.Jo‘rayev Yakkasaroy tumani aholisi bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot vaqtida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari xodimlarini ijtimoiy tarmoqlarda haqoratlayotgan foydalanuvchilar javobgarlikka tortiladilar.
— Agar kimda-kim meni baribir topa olishmaydi va istagancha ichki ishlar organi xodimini haqorat qilaman, unga tuhmat qilaveraman, deb o‘ylasa, qattiq yanglishadi. E’tiboringiz uchun shu yo‘nalishda ishlar olib borilgan, buning uchun ma’muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortilgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yo‘q emas, — deydi R. Jo‘rayev.
Xususan, Surxondaryo viloyatida yashovchi 24 yoshli X.J. atayin Toshkent shahar IIBB xodiminining g‘ururini toptagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shayxontohur tuman ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, fuqaro X.J.ga EKIHning 10 baravari, ya’ni 1 722 400 so‘m miqdorida jarima solindi.
Ushbu sud tomonidan joriy yilning fevral oyida Toshkentda yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro K.A.ga 172 240 so‘m miqdorida jarima solindi. Bu ayol ichki ishlar organi xodimini haqorat qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka ham tortildi.
Toshkent shahar IIBB rasman ma’lum qiladiki, ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirgan, kamsitgan, haqoratlagan va nafsoniyatiga tekkan barcha fuqarolarga, shu jumladan, internetdagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga nisbatan jinoiy javobgarchilikkacha bo‘lgan qonuniy chora ko‘riladi.
Toshkent shahar IIBB qoshida tashkil etilgan Axborot multimedia markazi ijtimoiy tarmoqlarda qoldiriladigan xabarlar, izohlarni monitoring qilib boradi, ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatini qadrsizlantiradigan asossiz va yolg‘on ma’lumotlarga raddiya berib boradi.
Toshkent shahar IIBB barcha fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda muloqotning odob-ahloq normalariga amal qilishga, bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, nojo‘ya so‘zlardan foydalanmaslikka va ayniqsa u yoki bu voqeaga izoh qoldirayotganda qo‘pollashmaslikka, haqorat qilmasllika chaqiradi», deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter