Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali bo‘lib o‘tmoqda: g‘olibga avtomobil beriladi
Joriy yilning 10-dekabr kuni «Media-Xoll NAESMI» («Zarafshon» konsert zali)da Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali bo‘lib o‘tadi. Festival «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘lamlarida» loyihasining yillik hisobotiga bag‘ishlangan multimedia-forumi doirasida tashkil etiladi. Bu haqda Yoshlar media markazi xabar berdi.
Festival O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda YuNESKO tomonidan tashkil etilmoqda.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, televideniye va kino ijodkorlari, faol jurnalistlar va bloggerlarning faoliyatini rag‘batlantirish, ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosiga oid mavzularini yoritish va O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Festivalda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, media sohasi rahbarlari, bloggerlar, kinematogroflar, prodyuserlar hamda ijodiy guruhlar ishtirok etishadi. Festival mehmonlari sifatida taniqli mahalliy va xorijiy olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, sayyohlik kompaniyalari vakillari va sohaga doir boshqa vakillar taklif etiladi.
Eng yaxshi media-mahsulotni aniqlash uchun festival tashkiliy qo‘mitasi va hakamlar hay’ati tuziladi. G‘oliblar bir qator nominatsiyalarda asosiy va rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlanadi.
Saralash bosqichining yakunida ekspertlar guruhi tomonidan 4 ta nominatsiya bo‘yicha 12 ta televideniye va radiostansiya tanlab olinadi. G‘oliblar to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn ovoz berish orqali aniqlanadi.
Festival quyidagi nominatsiyalarda o‘tkaziladi: «O‘zbekiston — turistik maskan»/«Turisticheskiy Uzbekistan»/Welcome to Uzbekistan, «Mazali O‘zbekiston»/ «Vkusniy Uzbekistan»/Taste me, «O‘zbekiston madaniyat maskani»/«Kulturniy Uzbekistan» /Must see, «Qadimiy O‘zbekiston»/«Drevniy Uzbekistan».
Festival tashkiliy qo‘mitasi g‘oliblarni, shuningdek, telekanallarda efirga uzatiladigan maxsus Gran-pri mavzuli ishlarni taqdirlashni rejalashtirmoqda.
Eng yaxshi roliklar mualliflari X Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivalining qimmatbaho sovg‘alari va esdalik diplomlari bilan taqdirlanishadi.
Bundan tashqari tashkiliy qo‘mita tomonidan boshqa yo‘nalishdagi roliklar uchun maxsus diplom va maxsus nominatsiyalar ta’sis etiladi.
«Biz maxsus asosiy mukofotlarni ta’sis etdik, deydi festivalning hakamlar hay’ati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov. – Eng yaxshi telerolik uchun g‘olib bo‘lgan ishtirokchi «Spark» avtomobiliga ega bo‘ladi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan xorijlik ishtirokchilar uchun asosiy sovrin – VIP-tur - O‘zbekistonning eng ko‘p o‘rganilmagan, sirli va muqaddas joylariga tashrif buyurish imkoniyati yaratiladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur media loyiha o‘n yildirki, jamiyatimizda mavjud turli muammolarni o‘rganish va hal etishga qaratilgan tele-radioroliklarni yaratish va keng ommaga yetkazish orqali jamoatchilik e’tiborini tortib kelmoqda.
Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston uchun ijtimoiy ahamiyatli loyihalarini amalga oshirishdagi sa’y-harakatini birlashtirishga yordam beradi.
Festival davomida tashkiliy qo‘mita tomonidan madaniy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga qaratilgan 3000 dan ziyod tele va radioroliklar qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter