Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV va DXX xodimlari Toshkentda «jihodchilar»ni ushlashdi

IIV va DXX xodimlari Toshkentda «jihodchilar»ni ushlashdi

7 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV hamda DXX xodimlari hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida O‘zbekiston Respublikasida faoliyati ta’qiqlangan «Jihodchilar» diniy-ekstremistik oqimining (DEO) bir guruh a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi, deyiladi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi xabarida.

Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxslar O‘zbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma a’zolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda targ‘ibot olib borib, «Jihodchilar» DEO g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular yurtimizdagi yoshlar orasida o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini singdirib, Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilib, jinoyat sodir etishga da’vat qilganlar.

Ushlangan shaxslarda ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlangan va protsessual tartibda olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016-yil 26-sentyabrdagi qarori bilan «Jihodchilar» diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.  

«Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7-yanvar kuni Namangan viloyatida ham terroristik tashkilotlarga aloqadorlikda gumondor shaxslar ushlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring