Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV: O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy OAV tomonidan tarqatilgan xabarlarga munosabat bildirilmaydi

IIV: O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy OAV tomonidan tarqatilgan xabarlarga munosabat bildirilmaydi

Foto: «Xabar.uz»

Bugungi kunda tezkor axborotga bo‘lgan talab tobora kuchayib bormoqda va bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi saytlar, internet foydalanuvchilari, blogerlar o‘z sahifalarida tasdiqlanmagan, yolg‘on, bir tomonning fikri bilan xulosa qilib tayyorlangan ma’lumotlarni ham tarqatmoqdalar. Go‘yoki ular xolis ma’lumot e’lon qilayotgan bo‘lib, o‘z «obro‘»larini oshirmoqdalar. Albatta, bunday holat aholi o‘rtasida turli mish-mishlarga, ba’zi kasb egalariga nisbatan salbiy fikrlarni shakllanishiga, ayrimlarning harakatlariga nisbatan noto‘g‘ri xulosa chiqarishga olib kelmoqda, deyiladi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi tomonidan berilgan rasmiy axborotda.

Shu o‘rinda yana bir narsa aytib o‘tish joiz. Ayrim shaxslar ko‘cha-ko‘ydagi turli voqea va hodisalarni tasvirga olib, noto‘g‘ri izoh bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan shug‘ullanib, boshqalarning tashvishlarini ommaga yoymoqdalar.

Sodir bo‘lgan voqea va hodisa ishtirokchilarining ruxsatisiz ularni video yoki foto tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish noqonuniy ekanligini unutmaslik kerak. O‘zbekiston Respublikasining «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni 13-moddasiga asosan, jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma’lumotlar maxfiy axborot toifasiga kirishi, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi, jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Agar fuqarolar ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilayotganligining guvohi bo‘lib qolsalar va bu harakatlar video va fotoga olingan bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etishlari kerak. Masalan, yo‘lda yo‘l-transport hodisasining guvohi bo‘ldingiz. Siz ushbu hodisa ishtirokchilarini tasvirga olish uchun ularning roziligini olishingiz, agar yo‘l-transport hodisasida inson halok bo‘lgan bo‘lsa, marhumning yaqinlari roziligi bilan ularni tasvirga olishingiz va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilishingiz mumkin.

Ba’zi xorijiy ommaviy axborot vositalari fuqarolarning soddaligidan foydalanib, ularning muammolarini hal qilishda ko‘maklashishda yolg‘on va’dalar berib, bir tomonlama noxolis materiallarni tarqatib, soxta obro‘ orttirmoqchi bo‘lganliklari bugun barchamizga ayon. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlardan o‘zingiz uchun axborot izlayotganda rasmiy manbalarga tayansangiz aniq va to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi manbalarning ichki ishlar organlariga oid tasdiqlanmagan, noto‘g‘ri axborotlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining internetdagi rasmiy manbalari (veb-sayt: www.iiv.uz, telegram: @iivuz yoki https://t.me/iivuz, feysbuk: https://www.facebook.com/IIVUZ/) orqali rasmiy munosabatlar, raddiyalar berib borilmoqda. Biroq, mamlakatimizda qonunda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan xorij ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan xabarlarga munosabat bildirilmaydi.

Yurtdoshlarimiz jinoyatlar haqida xabar berish uchun qisqa «102» telefon raqamidan, ichki ishlar xodimlari tomonidan ularga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilganida «1102» raqamli «Ishonch telefoni»dan foydalanishlari mumkin. Xabar bergan shaxs haqidagi ma’lumotlar oshkor etilmasligi kafolatlanadi. Unutmang, anonim murojaatlar e’tiborga olinmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring