IIBdan 1,8 mlrd so‘mlik qarzdorlikni undirolmagan tadbirkorga ko‘mak berildi
Samarqanddagi «Diyor» (nomi o‘zgartirilgan) MChJ rahbari Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan qarzdorlikni undirib berishni so‘rab Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkor bilan Samarqand viloyati IIB o‘rtasida 2021-2022-yillarda umumiy qiymati 1,8 mlrd so‘mni tashkil etuvchi 5 ta shartnoma tuzilgan.
Shartnomalarga asosan, Samarqand viloyat IIB ma’muriy va qo‘shimcha binolarini joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib belgilangan muddatda foydalanishga topshirilgan.
Tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma bandida shartnoma g‘aznachilik bo‘linmalaridan majburiy ro‘yxatga olingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilangan. Lekin ushbu shartnoma g‘aznachilik bo‘linmasidan ro‘yxatdan o‘tmagan.
Prezidentning 2007-yil 28-fevraldagi PQ-594-son qarorining 6-bandida budjet tizimi budjetlari mablag‘lari hisobidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalari, shuningdek, buyurtmachilarning budjet tizimi budjetlari mablag‘lari hisobiga kapital qurilishga oid shartnomalari majburiy tartibda G‘aznachilikda ro‘yxatga olinishi shartligi va faqat u amalga oshirilgandan keyin kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.
Garchi taraflar o‘rtasidagi pudrat shartnomasi G‘aznachilikda ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa-da, amalda tadbirkor ta’mirlash ishlarini bajargan va bajarilgan ishlar IIB tomonidan e’tirozsiz qabul qilib olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016 yil 23 dekabrdagi 306-son qarorida sudlarning e’tibori, qurilish pudrati shartnomasida muhim shartlarning mavjud bo‘lmaganligi va shunga ko‘ra shartnoma tuzilmagan deb hisoblanishi, agar bunday ishlarning bajarilganligi holati taqdim etilgan dalillar bilan isbotlansa, bajarilgan ishlar qiymatini undirish to‘g‘risidagi talabni rad etishga asos bo‘lmasligiga qaratilishi nazarda tutilgan.
Bunday holatda sud da’vogarning javobgardan asosiy qarzni undirish talabini asosli va ish hujjatlari bilan o‘z isbotini topgan deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tadbirkor manfaatida Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Sudning hal qiluv qarori bilan jamiyat foydasiga pul mablag‘i undirilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter