Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIB boshlig‘i «uchar»larga qarshi jiddiy kurash boshlanishini aytdi

IIB boshlig‘i «uchar»larga qarshi jiddiy kurash boshlanishini aytdi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyat IIBda jurnalist va blogerlar ishtirokidagi matbuot anjumanida viloyatda sodir etilayotgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga qadar kamaygan bo‘lishiga qaramay, ashaddiy tez haydovchilar nisbatan oshib borayotgani ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, 9 oyi mobaynida Buxoroda jami 3 477 ta jinoyatlar qayd etilgan. Shundan voyaga yetmaganlar tomonidan 145 ta, ayollar  tomonidan 500 ta va yoshlar tomonidan yoshlar tomonidan 1 094 ta jinoyat sodir etilgan.  

Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 1 756 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilib, 776 ta oila yarashtirilgan. 914 ta oilalarda nizolar bartaraf etilgan. Berilgan himoya orderlari qoidalariga rioya qilmagan 222 nafar fuqarolar MJtKning 2061-moddasiga asosan, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

«Jinoyatlar keyingi paytlarda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik holatlari tufayli yuzaga kelmoqda. Uning oqibatlari ta’bni xira qilmay qo‘ymaydi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan yo‘l-transport hodisalari soni 19 taga, o‘lim bilan bog‘liq hodisa esa 9 taga kamaygan bo‘lishiga qaramay, bitta o‘lim bilan sodir etilgan yo‘l transport hodisasi ham biz uchun ko‘p», — dedi viloyat IIB boshqarmasi boshlig‘i Mirjamol Miralimov.

Buxoro IIB YHXX matbuot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning ma’lum qilishicha, Buxoroda tungi vaqtda 79 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, shundan 24 ta o‘lim holati qayd etilgan. 55 nafar fuqarolar har xil turdagi tan jarohati olishgan. Shuningdek, 23 ta yo‘l-transport hodisalari qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketish, 76 ta holatda tezlikka rioya etilmasligi oqibatidagi to‘qnashuvlar kelib chiqqan. 88 ta yo‘l-transport hodisalarida piyodalar, 34 ta hodisada esa velosipedchilar urib ketilgan.

Hodisalar ko‘proq xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida hamda shahar markaziy ko‘chalarida yuzaga kelayotgani ta’kidlandi. Yo‘l transport hodisalarining 138 tasi piyodalar hamda velosiped haydovchilarini urib yuborish bilan bog‘liq. Bu holatda 27 nafar fuqarolar vafot etgan bo‘lsa, 113 nafari tan jarohati olgan.

«Bunday holatlarni ashaddiy tez haydovchilar, yo‘l harakati qoidalarini bilib-bilmay avtomashina boshqarayotganlar yuzaga keltirishmoqda. Xuddi shuningdek, piyodalarning o‘zlari ham yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlari talab etiladi. Albatta, bu sohada sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish borasida viloyatda qator amallar bajarilmoqda. Ayniqsa, ashaddiy tez haydovchilar bilan qat’iy, juda qat’iy ish olib boriladi. Hozirda ular bilan profiklaktik tadbirlar yo‘lga qo‘yilganki, ularning hatti-harakatlari mahalla-ko‘y oldida ko‘rib chiqilmoqda»,—dedi Mirjamol Miralimov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring