Ichki ishlar xodimlari uchun ko‘p kvartirali uylar quriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarining turar joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 865-son qarori qabul qilindi. Bu haqda IIV rasmiy kanalida xabar berildi.
Qarorga muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga 2019-2022-yillarda «tayyor holda topshirish» shartlari asosida bosqichma-bosqich Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining foydalanilmaydigan yer uchastkalari, bino va ob’yektlaridan ko‘p kvartirali uylar quriladi.
Mazkur qarorda:
- ikki xonali kvartiralar - kamida 80 kvadrat metr, uch xonali kvartiralar - 100 kvadrat metr va to‘rt xonali kvartiralar - 120 kvadrat metr bo‘lgan ko‘p kvartirali uylar qurilishi;
- uy-joy bilan ta’minlanish va yashash sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji bo‘lganlar, xizmat faoliyatida (jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda) yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, intizomiy jazoga tortilmagan xodimlar va harbiy xizmatchilarga berilishi (imtiyozli arzon narxlarda sotib olishi);
- ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bazaviy hisoblash miqdorining olti yuz baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda besh yildan oshmagan muddatga foizsiz qarz berilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, mazkur qaror asosida Hukumatning 2017-yil 26-sentyabrdagi 765-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarining xizmat uy-joylari fondini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga o‘zgartirish va ko‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirish va ko‘shimchalar ko‘ra:
- xizmatda ijobiy natijalarga erishgan va yuksak professional hamda ma’naviy-ishchanlik fazilatlarini namoyon qilgan, ichki ishlar organlarida jami 25 va undan ko‘p kalendar yil xizmat qilgan va uy-joy bilan ta’minlanmagan yuqori malakali xodimlarga bepul berilishi;
- xizmat kvartiralarida yashovchi, shuningdek, uy-joy bilan ta’minlanish va yashash sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji bo‘lgan xodimlarga sotish orqali shaxsiy mulk etib berilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter