Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki ishlar vaziri qo‘l ostidagilardan aholining ishonchini oqlashni talab qildi

Ichki ishlar vaziri qo‘l ostidagilardan aholining ishonchini oqlashni talab qildi

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida markaziy apparat va respublikaning barcha hududlaridagi ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida joriy yilning birinchi choragida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusi vazifalar tahliliga bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishi videoselektor tarzida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berib o‘tdi.

Hay’at yig‘ilishini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov ochdi va olib bordi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2019 yilning uch oyi davomida res­publika hududida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan barcha jinoyatlar 31,6 foizga, jinoyat-qidiruv yo‘nalishida sodir etilgan jinoyatlar 40,8 foizga kamayishiga erishildi. Shuningdek, 78 foiz mahallada umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Hay’at yig‘ilishda o‘tgan vaqt davomida respublikada muayyan natijalar qo‘lga kiritilganiga qaramasdan, ayrim hududlarda jinoyatlarni barvaqt oldini olishda kuzatilayotgan kamchiliklar tanqid qilindi.

Jinoyatlarning ba’zi turlari bo‘yicha o‘sish kuzatilgan viloyatlar, shahar va tuman ichki ishlar organlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi hamda bir qator rahbarlar kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, kelgusida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, aholining eng muhim muammolarini hal qilish orqali ularning ishonchini oqlash zarurligi alohida ta’kidlandi.

Albatta, yuqori natijalarga erishgan hududlar tajribasidan o‘rnak olish, ularning ish uslublarini joylarga tatbiq qilish, innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Hay’at yig‘ilishi yakunida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar qizg‘in muhokama qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring