Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Ichan qal’a»dagilar: «Loysuvoq uylarda yashashimizga hayron qolishadi…»

«Ichan qal’a»dagilar: «Loysuvoq uylarda yashashimizga hayron qolishadi…»

Xiva haqida juda ko‘p ma’lumotlar mavjud. Tarixchi olimlar, jurnalist-mutaxassislar hamda sayyohlar doimo u haqda yana va yana yangi nimalarnidir aytgisi keladi. Osmon ostidagi bu ochiq muzeyga bir tashrif buyurgan odam esa yana qaytgisi keladi.

Endi, texnologiya rivojlangan davrda mana shu tarixiy obidalar, ko‘chalar orasida umri o‘tayotgan odamlarni tasavvur qiling. Gap u yerda tirikchilik qilayotgan aholi haqida emas, balki Ichan qal’aning ichida umrguzaronlik qilayotgan odamlar haqida. Tarixiy obidalarga, imoratlarga qo‘shilib ketgan loy suvoqli uylar ham 100 yillik tarixga ega. Bugun bu loysuvoqli uylarning ba’zilari mehmonxona, ba’zilarida esa odamlar yashaydi.

– Bolaligim mana shu qal’alar, minoralar orasida o‘tdi, – deydi 65 yoshli onaxon Muhabbat Jumaniyozova. – Men yashayotgan mahalla «Zargarlar» deb ataladi. Zamonaviy uylarda yashayotgan qarindosh, tanishlar bizning uylarimizni ko‘rib shu loysuvoq uylarda yashaysizlarmi, deb hayron qolishadi. Bu uylarning ichini ta’mirlashimiz mumkin, ammo tashqarisiga teginish mumkinmas. Axir bu bizning tarix. Shunday ko‘chaga chiqishingiz bilan bir yonda madrasalar, bir yonda masjid. Bu boshqa dunyo. Bu dunyoni ko‘rish uchun xorijliklar qancha yo‘l bosib kelishadi. Qani, mehmon, siz xonning yurtidasiz, bir kecha qo‘nog‘im bo‘ling…

Men onaxon oldidan uzoqlashaman. Ikki qavatli uy oldida yoshgina kelin do‘konda savdo qilyapti. Bu qanday bino degan savolimga uyimiz, qaynotamning otasidan qolgan uy, deb javob berdi.

«Biz bu yerni mehmonxona qilolmaymiz, chunki o‘zimiz ko‘pchilikmiz, mening to‘rt farzandim, qaynopam, turmush o‘rtog‘im turamiz. Tarixiy joy bo‘lgani bilan kanalizatsiya, suv yaxshi, bir yonda «Yasovulboshi», nariroqda «Kalta minor»…
Transport shovqini yo‘q, ko‘cha juda qaynagan, lekin Ichan qal’a shunday barpo etilganki, hamma joyida yelvizak, bu binolar uchun ham foydali», – deydi o‘zini Nilufar deb tanishtirgan kelinchak.

Men qal’aning deyarli sayyohlar nazaridan chetda qolgan, lekin ular uchun mehmonxona qilib berilgan pastak bir asrlik tarixga ega uylari oralab sayr qilishda davom etaman. Qal’aning markazidagi kabi savdo-sotiq avjida bo‘lmasa ham bu yerda xorijliklarning milliy matolarimizga qiziqishiga guvohi bo‘lasiz. Mana bu ikki xorijlik ingliz tilida ro‘mollarni savdolashadi: birovi «wife» (xotin) desa, narigisi «mother» (ona) deydi. Demak, ular ayoli va xotiniga sovg‘a qidiryapti. Sal nariroqda yoshroq erkak turmush o‘rtog‘i uchun bizning tilda abaya deb ataladigan kiyimni tanlayapti. Peshtoqiga «Do‘st A’lam madrasasi. 1882 yil yodgorligi», deb yozilgan binoga kiraverishda bolg‘aning taq-tuqi e’tiborimni tortadi: tarix qanday yaratilgani, ustunlar, peshtoqilar, kelilar, aravalar 100 yil oldin qanday yasalganini bugungi texnologiya asrida ham guvohi bo‘lib beixtiyor o‘tmishga qaytasiz.

– Mana bu ustunlarning yoshi 100 yildan oshgan, yonidagilari esa shularning yangi nusxasi, - deydi hunarmand Bozorboy Salayev. – Chet elliklar mening har bir naqshni qanday o‘yayotganimni ko‘rib ularda allaqachon qo‘l mehnati unutilganini aytishadi.

– Mana bu ustun poydevoriga qanday mahkamlangan, hozir mana temirda mahkamlanayotgan ekan, – deyman men qiziqsinib.

– Avvallari bu poydevorga ustun joylashtirilishidan oldin kovagi tuya juni bilan to‘ldirilgan, sababi tuya juni pishiq va yeyilib ketmagan, keyin ustunni qurt-qumursqalar yemasligi uchun ham tuya junidan foydalanishgan. Ustun bilan poydevorni ulaydigan qismiga hasham uchun mis, bronza ishlatilgan…

Hozir bu ustunlarni mehmonxonalar uchun yasab beramiz, ammo sayyohlarga mana bu juda eski ishlar qiziq. Yana yuz yillardan keyin biz yasayotgan ustunlar, tarxlar, ruchka soladigan idishlar xuddi shunday tarixning noyob ashyolariga aylanadi.

Hunarmand bilan xayrlashib qal’a devori tomonga o‘taman. «Ichan qal’a devori davlat muhofazasiga olingan», deb yozilgan yozuvni loyli yomg‘ir suvi xiralashtirgan, qachonlardir tabiat o‘z ishini qilishini, asrlar o‘tgach, nurashini o‘ylab homush tortasan kishi. Qorong‘u qal’a va temir panjara ortida qanday o‘tmish yashiringan ekan-a…

Yo‘l yo‘lakay bir-birini takrorlamaydigan 213 ta ustuni bor masjidga kiraman. Ustunlarning ba’zilari yorilgan, qoraygan, naqshlari xiralashgan, hech narsa abadiy emas degan o‘y o‘tadi ko‘nglimdan. Mana bu to‘da-to‘da bo‘lib yurgan bolalar aslida eng baxtli avlod, qanday o‘tmish bilan yuz kelib turganlarini anglab yetsalar, albatta.

Anor gulli liboslarda lapar aytib raqs tushayotgan ansamblni miriqib tomosha qilayotganlar, qo‘shilib raqs tushayotganlarni uchratasiz. Shu asnoda bir chekkada o‘tirib, qizlarning liboslaridagi naqshlarni chizayotgan xorijlik sayyoh ayol e’tiborimni tortdi. Menimcha, ilmiy ish qilmoqchi yoki kitob yozmoqchi. Balki «odamlar yangilik izlab kosmosga chiqayotgan bir paytda», yer yuzida yana bir boshqacha dunyo, sayyora ichida yana bir sayyora ham borligini o‘ylayotgandir.

Xiva esa hali hamon meni hayratlantirishda davom etmoqda. Bu hayrat va xotiralar bu yerga kelgan mendek har bir sayyohni bir umrga tark etmasa kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring