Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ich kiyimdan bronejiletgacha» – Rossiya armiyasidagi o‘g‘irliklar badalini urushga otlanganlar to‘layaptimi?

«Ich kiyimdan bronejiletgacha» – Rossiya armiyasidagi o‘g‘irliklar badalini urushga otlanganlar to‘layaptimi?

Rossiyaning Ukrainaga «qisman safarbarligi» armiyadagi ko‘pgina ishkalliklarni yuzaga chiqardi. Xususan, harbiylar ta’minoti omborxonalari talon-toroji, aniqrog‘i, o‘g‘irliklar ham bugun ayon bo‘lmoqda.

Hozirda safarbar qilinganlar yaqinlari ryuzak, tibbiyot qutisi, harbiy kiyim, ichki kiyim, paypoq, poyafzal, bronejilet va teplovizor kabi ashyolarni o‘zlari sotib olib berayotgani sir bo‘lmay qoldi.

Urush tarafdorlaridan biri, zahiradagi general-leytinant va deputat Andrey Gurulev o‘zining telegramm kanalida shunday yozadi: «Shaxsiy tarkib qabul punktlaridagi bir yarim million dona komplekt qayerga yo‘qolgan, tushunib bo‘lmaydi, kiyim yoki boshqa narsalar bilan bog‘liq muammolar qayerdan paydo bo‘layapti? Buni hech kim tushuntirishni istamaydi».

Iyulning o‘rtalarida Rossiya qo‘shinlari «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan birgalikda Lugansk viloyatidagi Uglegorskiy TESini o‘q-otash ostida qoldirganda, Yevroosiyoning boshqa bir nuqtasida, Kuril majmuasidagi Itupir orolida Kuril gornizoni harbiy sudida mahkama jarayoni o‘tar edi. Mahalliy harbiy qismning istehkomdagi kiyim-bosh xizmati boshlig‘i Dmirtiy Gorin xizmat soxtakorligi aybi bilan sudlanardi.

Aniqlanishicha, Gorin o‘tgan kuzda soxta hujjatlarni rasmiylashtirgan. Ularda yozilishicha, ikki harbiy xizmatchi go‘yo qator buyumlarni olgan. Harbiylardan biri 100 ta yuk sumkasi, 3 ta balaklava, to‘rtta yozlik furajka va yomg‘irdan saqlovchi ikkita himoya kostyumi olgani qayd etilgan. Boshqasi – 35 ta futbolka, 50 ta dastro‘molcha, 150 juft qishlik va yozlik paypoq yana bir juft botinka olgan emish.

Gorin ehtiyotkorlik maqsadida soxta «nakladnoy»larda ashyolarni allaqachonlar xizmatdan ketgan harbiylar nomiga yozgan. Sudda esa u buyumlar noto‘g‘ri saqlangani sabab yaroqsiz holga kelib qolgani va ularni hisobdan chiqarishga qo‘rqqani uchun shunday yo‘l tutganini aytadi. Ayblanuvchiga anchayin yengil hukm o‘qilgan – 25 ming rubl jarima bilan qutilgan.

Muromdagi (Vladimir viloyati) istehkom muhandislik qismi buyumlar xizmati boshlig‘i katta leytenant Ilgiz Axmedovning bu boradi omadi ko‘p ham yurishmadi – 2021-yilda Rossiya NATOga o‘z ultimatumini qo‘ya boshlaganda, u shartli ravishda ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U harbiy buyumlarni yuk mashinasida tashib chiqargan.

Tafsiloti shunday: 2018 yilda Axmedov «Ural» mashinasini omborga kirgizdi va unga 209 juft yozlik poyafzalni yukladi. Poyafzal Nijegorod viloyatiga, uning tanishiga, go‘yo qarzini qoplash uchun jo‘natilgan. Keyin aksarlarga berilishi kerak bo‘lgan poyafzaldan 100 juftini yana o‘g‘irladi-da, ularni askarlar kiyib yaroqsizga chiqargani haqida akt tuzdi.

Bu ikki hukm dengizdan tomchi xolos. Rossiyalik harbiy mulozimlar yillar davomida o‘z armiyalarini ana shu tarzda talashdi, g‘orat qilishdi. «Pravasudiye» davlat avtomatlashtirilgan tizim ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida Rossiya gornizon harbiy sudlari tomonidan omborxonadan yo‘qolgan buyumlar aybi bilan kamida 558 ta ish ko‘rib chiqilgan.

O‘g‘irliklar har xil usullarda turli darajadagi mulozimlar tomonidan sodir etilgan. Novosibrskiyda qora kursida ayni ayblov bilan qandaydir starshina emas, butun boshli havo hujumidan mudofaa bo‘linmasi kiyim-kechak xizmati boshlig‘i o‘tirdi.

...Yuk shunchalik ko‘p ediki, xizmatdagi KamAZdan foydalanishga to‘g‘ri kelgan. O‘g‘irlab sotilgan tovarlar xilma-xilligi bilan diqqatni tortadi. 2019 yil aprelida ayblanuvchi jinoiy sheriklari bilan qismdan 60 dona dala kostyumi, shuncha furashkasi bilan, 50 ta ichki kiyim va 20 juft poyafzalni KamAZga ortishgan. Bunda faqat kiyim-kechak, poyafzal bilan cheklanib qolmay, hatto, g‘altak iplari, hojatxona qog‘ozlari, 50 mingta qog‘oz konvert, faks uchun roliklar, 36 ming dona A4 hajmli qog‘oz uchun yaltiroq «fayl», suyuq sovunli butilkalar ulkan yuk mashinasida ortilgan. O‘g‘irlangan mollarni sotishga unga Novosibirsk oliy qo‘mondonlik harbiy bilim yurtidan kapitan Dmiriy Nikitin yordam bergan. Bu uchala aybdor ham jarimaga tortilgan xolos.

Kuzatuvchilar armiya omborxonalaridan o‘g‘irlik doimo bo‘lganini ta’kidlashadi.

Oddiy askarlar orasida bir necha kurtka yoki poyafzalni o‘g‘irlab qo‘lga tushganlar ham bor. Lekin, ko‘p hollarda sotishga mo‘ljallangan 50 tadan 200 tagacha bo‘lgan kurtka, plash, ko‘ylak va poyafzal o‘marilgan. Alohida holatlarda minglar ustida ham gap ketadi. Masalan, 2009-yilda Novosibirskiyda 1200 ta yozgi kostyum, 2000 ta yuk sumkasi, o‘sha yili Uzoq Sharqda 5 ming ta jilet, 4 ming juft etik va 2,5 ming jo‘n qo‘lqop o‘g‘irlangan. 2015-2016 yillarda esa Ulyanovskiy viloyatida, bugun safarbar bo‘lganlarga yaqinlari o‘z hisobidan xarid qilayotgan mollar — 2,5 ming ichki kiyim va futbolka, 13 ming juft paypoq va 200 ta yotoq qoplari g‘oyib bo‘lgani aniqlangan.

Jinoyat sodir etishda turli usullar — aslida bo‘lmagan odamlar nomiga rasmiylashtirish, bir marta berilgan buyumni bir necha marta deb ko‘rsatish, sifati buzilgan deb ko‘rsatish, o‘lchami to‘g‘ri kelmagani uchun almashtirish uchun olib chiqish kabi soxtakorliklardan foydalanilgan.

Harbiy qismlardan faqat kiyim-kechaklar emas, balki katta miqdordagi yonilg‘i-moylash mahsulotlari ham noqonuniy yo‘l bilan olib chiqilayotgani ta’kidlanadi. Ukrainada qoldirib ketilayotgan Rossiya harbiy texnikasi miqdori kattaligi sababi ana shu bilan izohlanayapti — texnika yurishi uchun yonilg‘i kerak.

Hatto texnika ehtiyot qismlari o‘marilgani ma’lum.

Tahlilchilar Rossiya armiyasi bilan bog‘liq yangi kirdikorlarni, raqamlarni o‘rganaveradi. Bu yoqda esa urushga «safarbar» qilinganlar paypog‘i yirtilganmi-yo‘qmi, urush ichida. Oxiri baxayr bo‘lsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring