Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ibrat» — haqiqatan ibrat bo‘la oladimi?!

«Ibrat» — haqiqatan ibrat bo‘la oladimi?!

Ma’rifatparvarlik va jadidchilik o‘zbek adabiyotining rivojida muhim o‘rin tutadi. Kino san’ati ham adabiyotning bir bo‘lagi bo‘lib, undan ozuqa oladi, chunki kinoning haqiqiy asosi va poydevori dramaturgiya bo‘lsa, adabiyotning eng yuqori turi shu sohadir. O‘zbek kinoijodkorlari so‘nggi yillar milliy kinematografiyamizda tarixiy janrdagi to‘liq metrajli badiiy filmlar yaratishga katta e’tibor qaratmoqda. «Islomxo‘ja», «Elparvar», «Qo‘qon shamoli», «Avloniy», «Ilhaq» va nihoyat 1 oktyabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan premera qilingan «Ibrat» filmi. Fikrlarimizni ma’rifatparvarlik va jadidchilikdan boshlaganimiz ham bejiz emas, bugungi fikrlarimiz shu film haqida.

Postanovkachi rejissyor Jahongir Qosimovning «Ibrat» tarixiy badiiy filmi shoir, tarjimon, adabiyotshunos, yetuk tilshunos olim Is’hoqxon Ibratning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. O‘zbek mumtoz adabiyotining yetuk vakillari haqida atoqli rejissyor Komil Yormatovning «Alisher Navoiy», Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romani asosida yaratilgan rejissyor Maqsud Yunusovning «Bobur» ko‘p qismli videofilmi yaratilgan bo‘lib, endilikda kinoijodkorlar ma’rifatparvar va jadidchi olimlar hayoti va ijodi haqida filmlar suratga olib mazkur an’anani davom ettirishmoqda, kinoteatrlarimizda «Avloniy», «Ibrat» bo‘lsa, kelgusida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Furqat haqida filmlar kutib turibdi. Demak, ko‘rganim va tasavvurimda jonlangani «Ibrat» filmi haqidagi taassurotlarimni yozib qoldiraman.

Mazkur filmning eng katta yutug‘idan biri haqiqatan Ibrat yashagan XIX oxiri XX asr boshlaridagi davr atmosferasi yaratilgan. Ayniqsa, bosh qahramon sayohat qilgan Arabiston, Iskandariya va boshqa mamlakatlardagi atrof-muhit chiroyli tasvirlangan. Bu borada postanovkachi rassom va liboslar bo‘yicha rassom ishi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ularning mahorati postanovkachi rejissyor mahoratidan ustunroq bo‘lib qolgan, nazarimda.

Filmda professional aktyorlar ansamblini o‘ziga xos rollarda ko‘rish mumkin. Biroq dramaturgik jihatdan yorqin xarakterlar yaratilmagan. Badiiy filmning o‘ziga xosligi unda voqea va konflikt tomoshabinni tortib oladi, «Ibrat» filmida esa qoida u qadar ishlamagan. Biz bosh qahramonni sayohati, tipografiya ochgani va boshqa ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Nazarimda, bu borada hujjatli film ishlansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ibrat Iskandariyadagi sayohatida ikki vatandoshiga yordam beradi. Ulardan biri hatto o‘z yurtini tashlab, Ibratning xizmatiga chog‘lanadi. Bu rol O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, marhum san’atkor Abdurayim Abduvahobovning hayotlik chog‘idagi so‘nggi ijrosi bo‘lib qoldi. Shu bilan birga, marhum san’atkor, professional dublyaj aktyori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘aybulla Hojiyevning ham so‘nggi rolini ko‘rishimiz mumkin.

Rejissyor bosh qahramonga professional aktyor Farhod Mahmudovni taklif etgan. Biroq Ibrat qiyofasini to‘liq yaratishda, ustoz jadid olim sifatida yorqin xarakter yaratishda ko‘proq qahramonning keksalik davrini yaratgan aktyor Saidkomil Umarovning ijrosi mahoratli chiqqan. Namoyishlar uchun tarqatilayotgan posterlarda esa faqat Farhod Mahmudovni qiyofasini ko‘ramiz, biroq haqiqiy qahramon Saidkomil Umarov bo‘lganligi ayon. Nega endi uning ham qiyofasidan foydalanilmayapti?! Ibratning yoshligi va keksa paytlaridagi voqealar parallel ravishda namoyish etib boriladi. Bu formulada Farhod Mahmudov hamda Saidkomil Umarov ijrolarini bir qahramon qiyofasida solishtirish imkonini beradi. Keksalik chog‘idagi ijrolarda siyosiy tuzum o‘rtasidagi konfliktning kuchliligi va voqealarning yorqinligi aks etgan.

Filmlardan xalq o‘ziga qahramon qidiradi. «Ibrat» filmida bosh qahramondan ko‘ra, NKVD xodimi Mirhodiyev qahramon darajasiga ko‘tarilgan. Siyosiy tuzum va ma’rifatparvar olim o‘rtasidagi ziddiyat tug‘iladi. Pensiyaga chiqishidan oldin oxirgi tergov xonasiga kirgan xodim Ibrat bilan suhbat asnosida uni olim ekanligini, xalq fidoyisi ekanligini anglab yetadi va «xalq dushmani» sifatida qoralashdan voz kechadi. Hatto podpolkovnik tomonidan berilgan buyruqqa ham qarshi chiqadi. Ayniqsa, film yakunida Ibrat va rafiqasi Sobiraning so‘nggi vidolashuvi uchun ruxsat bergani ham Mirhodiyevni insoniy xarakterini ochgan. Rejissyor o‘sha davrdagi tuzumni qoralash, milliy ma’rifatchilik va ijtimoiy rivojlanishga qarshi chiqqanlikda ko‘rsatishni maqsad qilgan holda, NKVD xodimi Mirhodiyevni qahramon darajasiga olib chiqqan. Eng katta konflikt ham aynan shu personaj bilan sodir bo‘ladi. Ona va bola Ibrat bilan ko‘rishish uchun kelib, ruxsat berilmay qaytib ketayotganida Mirhodiyev ular olib kelgan tugunni o‘zi Ibratning kamerasiga olib kiradi va uni namoz o‘qiyotganini ko‘radi. Mazkur voqealar hatto Ibratning yoshligida ko‘rsatilgan hayotiy sayohatlaridan ko‘ra qiziqarli va tomoshabinni larzaga soladi.

O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov hamda Behzod Muhammadkarimov personajlari bilan muallimlar o‘rtasidagi fisq-fasod va tuhmatlar film mohiyatini ochib beradi. O‘sha davrdagi ta’lim va maorif muammolari qisman yoritiladi. Ibrat tipografiya uskunasini olib keladi va qiyinchiliklar bilan bosmaxonaga asos solib, ishga tushiradi. Filmda voqealar rivoji sustroq tasvirlangani bois, tomoshabinda qiziqish pasayadi.

«Ibrat» filmi bugun yurtboshimiz olg‘a surgan kitobxonlikka safarbarlikni oshiradi, ma’rifatparvarlik va mutolaa madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Xalq savodini chiqarish, bugungi tinimsiz, ammo u qadar foyda bermayotgan islohotlar haqida kichkina bo‘lsa ham tarixiy tasavvur uyg‘otadi. Ayniqsa, bosh qahramonning «Bugun kitob yoqayotgan millat ertaga odamlarini ham yoqadi» qabilidagi so‘zlari ta’sirli chiqqan va dramaturgik tarafdan asar mohiyatiga xizmat qilgan.

Filmda Sobira rolida yoshligi Shahzoda Matchonova, katta yoshda Zulxumor Mo‘minova, Ibratning o‘g‘li Abbosxon rolida Akbarxo‘ja Rasulov qiyofasini ko‘ramiz. Ammo aktyorlarning xarakterlari yorqin tarzda ochib berilmagan. Ibrat qamalganidan so‘ng ona-bola faqatgina mirshabxonadan qaytadi xolos. Holbuki, zavjasi va o‘g‘li Ibratning ishini davom ettirishi, shogirdlarini kamolga yetkazishi mumkin edi.

Sarlavhada qo‘ygan savolimizga qaytsak, «Ibrat» filmidagi Is’hoqxon Ibrat haqiqatan xalqimizga o‘rnak bo‘la oladimi? Filmda shaxs ochib berilgan, ammo biz kutgan qahramon yaratilmagan. Is’hoqxonto‘ra insonlarga ma’nan ibrat bo‘la oladi, tarixiy manbalarga ko‘ra uning bosib o‘tgan yo‘li ham tarbiyaviy va sinovlidir. Zero, qahramon aytganidek: «Insonning qandoq ko‘milmog‘i emas, qandoq yashamog‘i muhim!»

Dostonbek RAHMATULLAYeV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring