Hujjatsiz yer-mulk egalariga vaqtinchalik soliq imtiyozi berilishi kutilyapti
Yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanib kelayotgan jismoniy shaxslarga vaqtinchalik soliq imtiyozlari berilishi mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Soliq kodeksining 437-moddasi 9-qismiga muvofiq yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida belgilanadi.
Adliya vazirligi muallifligida ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida esa Soliq kodeksining 483-moddasini 37-qism bilan to‘ldirish taklif qilingan.
Ya’ni, unga ko‘ra, «2020-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-iyungacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarga ushbu Kodeksning 437-moddasi 9-qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanilmaydi».
Loyiha Adliya vazirligi tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 18-iyul kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi (59-son) bayonining 11-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qayd etilishicha, jismoniy shaxslardan uch baravar miqdorida yer solig‘i undirishni vaqtinchalik to‘xtatib turish orqali, ularni davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish nazarda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunining 45-moddasiga muvofiq normativ-huquqiy hujjatning yoki uning bir qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter