Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hududlarda AKTni joriy etish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi

Hududlarda AKTni joriy etish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi

Foto: «Mitc.uz»

«Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi va muhokamaga qo‘yildi.

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini, «Elektron hukumat» tizimini joriy etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, televideniye va radioeshittirishning raqamli tizimlariga o‘tishni ta’minlash hamda davlat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etiladi.

Biroq, tahlillar bugungi kunda mamlakatimizda AKT sohasida, «Elektron hukumat» tizimini joriy etishda yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha amaldagi tizim, joylardagi davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda sezilarli natijalarni bermayayotganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi muammolarni bartaraf etish, sohada yagona davlat siyosati yuritilishini so‘zsiz ta’minlash hamda innovatsion rivojlanishning zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha har tomonlama puxta o‘ylangan samarali tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida birinchi galdagi eng muhim vazifalari belgilangan va takliflar berilgan.

Jumladan:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha hududiy Kengashlar (keyingi o‘rinlarda Kengashlar deb yuritiladi) tashkil etish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi «Kompyuterlashtirish markazi» davlat unitar korxonalarini «Axborot texnologiyalari markazi» davlat unitar korxonalari etib qayta tashkil etish;
  • shahar va tuman hokimliklarining amaldagi shtat birligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman (shahar) hokimlariga buysunuvchi axborot texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimini kiritish;
  • davlat budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha alohida xarajatlar moddalarini kiritish;
  • 2018-2020-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida, rivojlangan mamlakatlar tajribasi, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablarini va texnologiyalarni hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida zamonaviy texnoparklarni yaratish kabi qator takliflar berilgan.

Qaror loyihasi muhokamasi 2018-yilning 3-martiga qadar davom etadi. Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring