Huawei kompaniyasi 2020-yil uchun barqaror rivojlanish to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qildi
Ezgulik uchun xizmat qiluvchi texnologiyalar: AKT bilan barqaror ijtimoiy rivojlanish
Huawei kompaniyasi 2020-yil uchun barqaror rivojlanish to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qildi. Kompaniya ushbu yillik hisobotni 13 yildan beri uzluksiz nashr etib kelmoqda. 2020-yil uchun tayyorlangan hisobotda Huawei kompaniyasining barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha to‘rtta ustuvor yo‘nalishi, xususan, raqamli integratsiya, xavfsizlik va ishonchlilik, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda barqaror va uyg‘un ekotizimga erishish bo‘yicha oxirgi bir yil ichida amalga oshirgan ishlari va erishgan yutuqlari o‘z ifodasini topgan.
TECH4ALL raqamli integratsiya tashabbusi: raqamli dunyoda hech kim unutilmaydi
COVID-19 pandemiyasi global ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida jiddiy va misli ko‘rilmagan muammolar keltirib chiqardi. O‘zining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi innovatsion yechimlari yordamida Huawei kompaniyasi turli mintaqalardagi aholi uchun ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida sifatli manbalardan teng darajada foydalanish imkoniyatini yaratdi va pandemiyaga qarshi kurashda o‘z vazifasini bajardi.
2020-yilda Huawei butun dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq maktablarda Skills on Wheels («Ko‘chma sinflar») va Connecting Schools («Ulangan maktablar») dasturini tatbiq etib, 60 mingdan ortiq odamga foyda keltirdi. Huawei, shuningdek, o‘zi faoliyat yuritayotgan hududlarda pandemiyaga qarshi kurashishda AKT yechimlaridan foydalandi va 90 ga yaqin mamlakatga texnik yordam ko‘rsatdi va ushbu qiyin davrda mahalliy uyushmalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelgancha harakat qildi.
2020-yilda Huawei raqamli texnologiyalar yordamida tabiiy resurslarni samaraliroq boshqarish va bioxilma-xillikni saqlashda 18 ta davlatning 22 ta qo‘riqlanadigan hududlariga yordam berdi. Bundan tashqari, kompaniya aholisi kam va olis aholi punktlari uchun aloqa xizmatlarini taqdim etuvchi o‘zining RuralStar Pro yechimini ommaga taqdim etdi. RuralStar yechimlari chekka qishloqlarda yashovchi 50 milliondan ortiq aholining tarmoqqa qamrab olinishini ta’minlaydi.
Odamlar uchun: xavfsiz, ishonchli va yuqori sifatli mahsulotlar, yechimlar va xizmatlar ishlab chiqish
Huawei kompaniyasi tomonidan kiberxavfsizlik va maxfiylikni himoya qilishga eng ustuvor vazifalar sifatida qaraladi. 2020-yilda kompaniya dasturiy ta’minotni ishlab chiqishda ishonchlilikni ta’minlashning standart dasturini va baholash mezonlarini ishlab chiqdi va ishonchli kodlash bo‘yicha bir qator mexanizmlarni yaratdi. 2020-yil oxiriga kelib, Huawei butun dunyo bo‘ylab kiberxavfsizlik va maxfiylikni himoya qilish sohasida 2963 ta patent oldi. O‘tgan yili kompaniya 5000 dan ortiq xizmatlar ta’minotchilari bilan ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha shartnomalar imzoladi va talablarga amal qilinishi borasida keng ko‘lamli kompleks tekshiruvlar o‘tkazdi.
Sayyoramiz farovonligi uchun: ekologik va barqaror rivojlanishni ta’minlaydigan texnologiyadan foydalanish
Huawei kompaniyasining direktorlar kengashi raisi Lyan Xua o‘z hisobotida: «Aqlli texnologiyalar dunyosi ekologik musaffo bo‘lishi kerak. Texnologiyalar borasida erishadigan yutuqlarimiz bizga tabiatni yaxshiroq tushunishimiz va uni muhofaza qilishimizga va inson faoliyatining sayyoramizga zararli ta’sirini kamaytirishga yordam beradi. Biz, texnologiyalarning tabiat bilan uyg‘unlikda ishlashi va dunyoni yanada yaxshi tomonga o‘zgartirishda bizga yordam berishi mumkinligiga ishonamiz», — deya ta’kidladi.
Ekologik jihatdan yanada musaffo va barqaror raqamli dunyoni yaratish bo‘yicha o‘z sa’y-harakatlari doirasida Huawei uglerod chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni kengaytirish va yopiq sikldagi iqtisodiyotning shakllanishiga yordam berishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. 2020-yilda Huawei kompaniyasining CO2 chiqindilari har million yuan daromadga nisbatan bazaviy yil (2012) bilan solishtirganda 33,2 foizga kamaydi va 2016 yilda kompaniya tomonidan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichdan (30 foiz) oshdi.
Rivojlanishni rejalashtirish bo‘yicha global ekologik notijorat qo‘mita 2020-yilda 5800 dan ortiq kompaniyalarni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qo‘shgan hissasi bo‘yicha baholadi. Huawei kompaniyasi boshqa sanoqli kompaniyalar qatorida chiqindilarni kamaytirish, iqlim xavfini yumshatish va kam uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilgan chora-tadbirlari uchun nufuzli «A» daraja bilan baholandi.
Qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni ilgari surish uchun Huawei raqamli energiya yechimlarini 170 dan ortiq mamlakat va mintaqalarda joriy etib, dunyo aholisining uchdan bir qismini qamrab oldi. Bugungi kunga qadar ushbu yechimlar hisobiga qayta tiklanadigan manbalardan 325 milliard kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqarildi va 10 milliard kVt/s elektr energiyasi tejab qolindi. Ushbu sa’y-harakatlar tufayli CO2 chiqindilarini 160 million tonnaga kamaytirishga erishildi.
Ezgulik uchun xizmat qiluvchi texnologiyalar: Jamiyatga foyda keltirish va BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yordam berish
Huawei kompaniyasi o‘z mijozlari uchun tijorat qiymatliklarini yaratish bilan bir qatorda, barcha manfaatdor tomonlar uchun ijtimoiy boyliklarni yaratishning va BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning ahamiyatini yaxshi anglaydi.
Huawei o‘z xodimlari haqida g‘amxo‘rlik qiladi va ularning xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yadi. COVID-19 pandemiyasi paytida kompaniya o‘z xodimlarining salomatligini saqlash va xavfsizligini ta’milash, shuningdek, yetkazib beruvchilar va pudratchilarga o‘z ishlarini xavfsiz qayta tiklashda yordam berish bo‘yicha bir qator tadbirlarni amalga oshirdi.
2020-yilda Huawei kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 650 dan ortiq xayriya tadbirlarini tashkil etdi. Uning «Seeds for the Future» yetakchi korporativ ijtimoiy javobgarlik dasturi 130 ta mamlakat va mintaqalardan bo‘lgan 9000 ga yaqin talabalarni qamrab oldi va bu yoshlar kelajakda AKT sohasi uchun qimmatli iste’dodlar zaxirasiga aylanadi.
Huawei O‘zbekistonda ham barqaror rivojlanishga katta e’tibor qaratmoqda. 2020-yilda sog‘liqni saqlash sohasida yangi texnologiyalarni joriy etish orqali pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ulkan yordam ko‘rsatildi. Kompaniya «Green Uzbekistan» tashabbusini ilgari surgan holda, Orol dengizi tubini obodonlashtirish loyihasida ishtirok etdi. Toshkentdagi ikkita maktabga raqamli ta’limni rivojlantirish uchun uskunalar taqdim etildi. Bu yil esa, allaqachon innovatsion texnologiyalarga ega ko‘chma sinf shaklidagi «Mobil AKT Akademiyasi» loyihasi ishga tushirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter