Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim qabuliga kutilmaganda o‘n yashar qiz keldi. Natija qanday? (video)

Hokim qabuliga kutilmaganda o‘n yashar qiz keldi. Natija qanday? (video)

Foto: Xabar.uz

Buxoro tumani hokimi Halimjon Safarovning sayyor qabuliga 10 yoshli qiz murojaat bilan kirdi, deya xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Joriy yilning 31-oktyabr kuni Buxoro tumani hokimi Halimjon Safarov tomonidan «Qo‘shxodim»  mahallasida sayyor qabul o‘tkazilgan.

Buxoro tumani xokimi Halimjon Safarov navbatdagi sayyor qabulni «Qo‘shxodim» mahallasida tashkil etgan. Mazkur sayyor qabulga tuman hokim kirib kelguniga qadar mahallaning Mirishkor qishlog‘ida yashovchi 10 yoshli qizning g‘amgin qiyofada yig‘lab kelgani barchani o‘ziga qaratdi.

Qizaloqning muammosini tinglagan mas’ullardan biri uning hali murojaat yoshida emasligini, qaytib ketishini ta’kidlagan. Shundan so‘ng qiz sayyor qabulga kelgan jurnalistlarga o‘zining 10 yoshda, tumandagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Diyora Tolibova ekani, hokimga murojaat qilishi shartligini tushuntirgan. Odamlar bilan muloqot qilish, oilasini o‘ylantirayotgan tashvishga yechim izlab kelgan 10 yoshli qizning harakatchanligi jamoatchilik tomonidan ma’qullangan. Va sayyor qabulda to‘planganlarning ham xohishi bilan yosh murojaatchi tuman hokimi bilan suhbatga birinchilardan bo‘lib jalb etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, qizning otasi Dilshod Tolibov, uzoq yil Rossiya Federatsiyasida ishlab, ro‘zg‘or tebratgan. Biroq, 2016 yilda sog‘ligi yomonlashgani sababli O‘zbekistonga qaytgan va oradan bir necha oy o‘tgach, 27 yoshida vafot etgan. O‘shanda yangi uy-joyga ko‘chib o‘tishganiga bor-yo‘g‘i, 3 yil bo‘lgan. Oradan o‘tgan 7 yil davomida esa hali qurilishi tugallanmay qolgan uy-joy ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan bo‘lgan.

«Sizni eshitamiz va yordamlashamiz, qizim»,—tuman hokimi iliq qarshiladi qizni.

«Mirishkor qishlog‘ida ancha yildan buyon yashaymiz. Onam kredit olib, o‘zlari hovlimiz atrofini shefir bilan o‘radilar. Hovli ichkarisini esa ta’mirlashga imkonlari yo‘q»,—dedi10 yoshli murojaatchi hokimga. 

«Xo‘p, lekin sayyor qabulga onangizni o‘zi ham kelishi kerak, u bilan muammolarining yechimi borasida gaplashib olamiz. Onangizni olib kelib bilasizmi?»—so‘radi tuman hokimi.

«Yo‘q. Onam hozir tuman markaziga ketgan. Men o‘zim taksida keldim»,—javob berdi qiz dabdurustdan.

Tuman hokimi voyaga yetmagan qizning yolg‘iz o‘zi taksida kelganini xavotir bilan qarshiladi. Mas’ullariga qizaloqni manziliga sog‘-salomat olib borib qo‘yishni ta’kidladi.

Tuman hokimi: «Borib o‘rganib, shaxsan o‘zim yordam qilaman, xo‘pmi, qizim»

Qiz: «Agar vaqtingiz bo‘lsa hozir borib ko‘ring (yig‘lab). O‘tgan yil bizga ko‘mir ham berishmadi»

Tuman hokimi: «Ko‘mir ham yetkaziladi, tomingizni ham shefir qilib beramiz. Muammolaringizni o‘rganamiz, qizim. Faqat bundan keyin yolg‘iz chiqmang, xo‘pmi?!»

Tuman hokimi 10 yoshli murojaatchi qizning muammolarini yozib olar ekan, uning «O‘tgan yil bizga ko‘mir ham yetkazilmadi» degan gapidan yuragi og‘riganini, mas’ullarini bugunoq yosh qizning barcha muammolarini bartaraf etilishiga kirishishga chaqirdi.

«Xabar.uz» muxbiri yosh murojaatchi bilan suhbatda bo‘lgan. Diyora tuman hokimi qabuli haqidagi e’lonni ijtimoiy tarmoqlardan o‘qigach, onasi tuman markaziga ish bilan chiqib ketganidan so‘ng ixtiyoriy ravishda kelgan. Manzilga yetib kelganidan keyingina bu haqda onasiga bildirgani haqida so‘zlab bergan.

«O‘tgan yil qishda ko‘mir berishmagach, qo‘lbola pechkalarda o‘tin, tarasha yoqib, sovuq kunlarni bosib o‘tdik. Gaz ballon uchun bir yildan buyon navbatda yozilganmiz. Ovqat pishirish uchun gaz plitamiz ham yo‘q. Bundan tashqari, hovlimiz yozda bir qarich tuproq, qishda balchiq loy. Bunday paytlarda onam hojatxonaga va oshxonaga borish yo‘laklaridan oyoq bosib o‘tishimiz uchun  har yer-har yerga g‘isht tashlab chiqadi. O‘tgan qishda har safar shu g‘ishtlar ustidan sakrab-sakrab o‘tganimda: «Kelgusi yil men onamga yordam beraman!»-deb ich-ichimga va’da berganman. Opajon, har kuni onamning qiynalayotganini his qilib yashayman. Ammo menga sezdirmaslikka harakat qiladi. Bugun tuman hokimi menga yordam berishi aytdi. Onamni xursand qilishni juda-juda xohlayman»,— so‘zlarida bolalarcha soddalik, ammo, turmush tashvishlari bilan fikran allaqachon ulg‘aygan qizaloqni bag‘irladik. Va bundan keyin hech qachon yolg‘iz chiqmaslikka undadik.

Shu kuni Buxoro tumangaz filiali rahbari Bobur Rajabov Tolibovlar xonadonida bo‘lgan. Xonadonga yangi gaz plita hamda gaz balloni yetkazib berilib, xavfsizligi ta’minlangan holda o‘rnatib berilgan.

Mahalla raisi Chori Murodovning bildirishicha, ushbu oilani tashvishga solib kelayotgan barcha muammolar tez kunlar ichida bartaraf etiladi hamda doimiy xabar olib turiladi.

«Dastyor qizimning menga ko‘mak berish uchun shunday kuch topa olganini eshitib, yig‘lab yubordim, to‘g‘risi. Ammo, hech qachon o‘zimning qaramog‘imsiz hech qayerga chiqmagan. Qizimning murojaatini ijobiy qabul qilgan va qizim uchun xavotirini yashirmagan, boshqa muammolarimizni ham yechishga yordamlashishini bildirgan tuman hokimiga minnatdorligimni bildiraman»,—dedi qizning onasi Zulfizar G‘afforova telefon orqali suhbatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring