Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Hokim odamlarni haqorat qilguncha, sharoitni yaxshilashni o‘ylasa bo‘lmaydimi?

Hokim odamlarni haqorat qilguncha, sharoitni yaxshilashni o‘ylasa bo‘lmaydimi?

Foto: Panoramio

Kechadan beri ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati hokimiga nisbat berilgan audioyozuv aylanib yuribdi. Bu audioyozuvga ko‘ra Farg‘ona viloyati hokimi Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyatida bo‘lgan fojiada shu viloyatning Toshloq tumanidan bo‘lgan to‘qqiz fuqaro halok bo‘lgani haqida so‘z yuritib, tumanni iqtisodiy qoloqlikda ayblaydi va tuman aholisini haqoratlaydi. Men quyida hokimning so‘kinishiga e’tiboringizni qaratmoqchi emasman. Agar o‘sha audioyozuvdagi ovozlar haqiqatan ham Farg‘ona viloyati hokimiga tegishli bo‘lsa, bunga chora ko‘radigan Prezidentimiz bor. Men o‘sha audioyozuvdagi Toshloq tumani o‘zini o‘zi boqa olmasligi, doim viloyat hokimiyatidan yordam kutishi haqidagi gaplarga e’tiboringizni qaratib, aynan shu masala yuzasidan fikr bildirmoqchiman.

Hammamizga ma’lumki, yurtimizdagi yer osti va usti qazilma boyliklari ham, aholining joylashuvi ham mamlakatimiz bo‘ylab notekis joylashgan. Ba’zi viloyatlarda aholi kam bo‘lsa, ayrimlarida ko‘p. Qazilma boyliklar ham shunday.

Yurtimizda har bir tumanning geografik joylashuvidan tortib, aholi soni, yer maydoni, hatto odamlarining mentalitetigacha bir-biridan farq qiladi. Ba’zi tumanlarning odamlari ishbilarmonroq bo‘lsa, ba’zilarining odamlari oddiyroq, dehqonchilikka moyilroq va yer bilan tillashib yuribdi, xolos.

O‘sha ishbilarmoni ko‘p bo‘lmagan tuman ahliga viloyat hokimining: «Senlar kuningni ko‘rolmaysan, senlarni men boqayapman», deyishi qanchalik to‘g‘ri? Buning o‘rniga viloyat hokimi o‘sha rivojlanmay qolayotgan tumanga boshqa tumanlardagi ishbilarmonlarni taklif etib, o‘sha tumanni ham rivojlantirishni yo‘lga qo‘ysa maqsadga muvofiq bo‘lmaydimi?

Kimdir bilar, kimdir bilmas, Samarqand viloyatining Urgut tumani azaldan o‘zining savdogarlari, ishbilarmonlari bilan tanilgan. Oktyabr to‘ntarishidan oldin ham bu tuman hududida yashaydigan savdogarlar butun Markaziy Osiyo, hatto olis Xitoy, arab mamlakatlariga mahsulot olib borib, ulardan o‘zimizga kerakli mollarni olib kelishgan. Keyinchalik xususiy tadbirkorlik va savdo-sotiqni  batamom taqiqlagan sobiq ittifoq davrida ham bu tuman odamlari qochib-pusib bo‘lsa-da, o‘z savdogarchiligini qilavergan. O‘z tomarqasida yetishtirgan mevalarni Rossiya shaharlariga olib borib sotib yurishgan. Shu bilan birga azaldan bu tumanda hunarmandchilik rivojlangan.

Mustaqilligimizdan keyin berilgan keng imkoniyatlar urgutliklarga qo‘l keldi va tuman har sohada rivojlana boshladi. Ko‘pchilik bilmas, bu tumanning aholisi allaqachon yarim million bo‘lgan. Yer maydoni esa cheklangan, aholi zich yashaydi. Ana shu sharoitda ancha yillardan beri Samarqand viloyatida ham, Urgut tumanida ham kimlar hokim bo‘lib ishlagan bo‘lsa, turli sabablarga ko‘ra tumanda o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ya olmagan tadbirkorlarni qo‘shni tumanlarga yo‘llab, o‘sha yerlarda foydalanilmay yotgan ob’yektlarni ularga berish yoki yer ajratish ishlariga katta e’tibor berdilar. Ana shu tufayli bugungi kunda qo‘shni Jomboy, Bulung‘ur, Toyloq, Samarqand, Pastdarg‘om tumanlarida ko‘plab urgutlik tadbirkorlar o‘z korxonalarini ochganlar.

Urgutlik tadbirkorlarning bunday ishlari Prezidentimizning ham e’tiboridan chetda qolmadi va yangi tashkil etilgan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiallari Samarqand viloyatining yana ikkita tumanida tashkil etildi va ularda ham urgutlik tadbirkorlarning yangi-yangi korxonalari ochilayapti. Ana shunday ishlar hozirgi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida Samarqand viloyatining hissasi ko‘payishiga, iqtisodiy jihatdan ortda qolayotgan tumanlarning rivojlanishiga sabab bo‘ldi.

Shu yerda savol tug‘iladi: nega Samarqandda qilingan ishlarni Farg‘ona viloyatining hokimi qila olmaydi?

Balki mening xabarim yo‘qdir, Farg‘onada ham shunday ishlar qilingandir, lekin viloyat hokimiga nisbat berilayotgan audioyozuvga ko‘ra Toshloq tumani hanuz o‘zini o‘zi boqa olmayotgan ekan, bu masalada ishlar sust olib borilgan deb xulosa chiqarish mumkin.

Umuman olganda, har bir viloyatning yetakchi tumani bor. Masalan: Samarqandda Urgut, Buxoroda G‘ijduvon, Surxondayoda Denov shular jumlasidandir. Farg‘ona vodiysida ham Qo‘qon shahri har qanday tadbirkorlikda namuna bo‘lishi mumkin. Bunda viloyat hokimining roli judayam katta.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring