«Hisobot yozib, qog‘oz bezash oson. Ishlar amalda ko‘rinishi kerak!» — Bosh prokuror
Bosh prokuraturada navbatdagi selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga mahkama matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida o‘tgan bu galgi yig‘ilish ham uzoq davom etmadi. Ustma-ust majlis o‘tkazib, vaqtni isrof qilishni ko‘pam xushlamaydigan mahkama rahbari kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat prokurorlarining muxtasar hisobotlarini eshitgach, topshiriq-tavsiyalarini ham qisqa va lo‘nda qildi.
Aytdiki, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat dunyoda ham, mamlakatimizda ham murakkabligicha qolmoqda. Keyingi paytlarda infeksiyaga chalinganlar sonining keskin oshayotgani, aholi orasida ham bu kasallikning tarqalayotgani barchani birdek tashvishga solayotir. Albatta, davlatimiz rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda bu ofatning ta’sirini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Biroq xotirjamlikka berilishga mutlaqo asos yo‘q. Qisqa muddatda ko‘rilgan choralar natijasida prokurorlar sektorlarida ro‘yxatga olingan qariyb 104 mingta ehtiyojmand oilaning 20 ming 100 nafardan ziyod a’zosi doimiy, 30 ming 710 nafardan ortig‘i esa mavsumiy ishga joylashtirildi. Xo‘p, yaxshi. Qariyb 3 mingta ehtiyojmand oilaga issiqxona qurib berildi, 4 ming 800 dan ziyod oilaga esa, bozorbop va birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirish uchun yer ajratildi. Chakkimas. Barcha ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat va zarur dori-darmonlar muntazam yetkazilmoqda. Ularga pul ko‘rinishida berilgan moddiy yordamlar esa, deyarli 20 mlrd. so‘mga yetganiyam yomon ko‘rsatgich emas. Bundan tashqari ehtiyojmand qator oilalar chorva mollari, parranda, asalari uyalari kabi tirikchilik uchun zarur bo‘lgan vositalar bilan ta’minlandi. Natijada bugungi kunga kelib, ijtimoiy ahvoli nisabatan yaxshilanganligi sababli prokurorlar sektorlaridagi ehtiyojmand oilalarning 45 foizini ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarish uchun asoslar paydo bo‘ldi.
Biroq amalga oshirilgan ishlar «biz chekimizga tushganini uddalab qo‘ydik!» deyishga izn bermaydi. Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash mavsumiy emas, uzluksiz davom etishi shart bo‘lgan jarayondir. Binobarin, prokurorlar sektorlarida bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirib, samaradorlik oshirilishi shart! Hisobot yozib, qog‘ozga bezak berish oson. Ammo kasallik ming yashirilmasin, isitmasi baribir oshkor qiladi. Agar qaysidir hududda «isitma oshkor» bo‘lsa, jazo ham shunga yarasha bo‘ladi. Shunday og‘ir paytda xalq koriga yarasakkina «xalq prokuraturasiga» aylanishimiz mumkin. Pirovar maqsad ham shu emasmi?! — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Shuningdek, yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilayotgan moddiy yordamlarni asossiz ravishda to‘xtatib qo‘yish hollariga yo‘l qo‘ymaslikning aniq mexanizmlari belgilab berildi. O‘zini o‘zi band qilganlar faoliyatini legallashtirishga, ularga tegishli qonun hujjatlaridagi imtiyozlarni tushuntirish va mazkur toifadagi fuqarolarni rag‘batlantirish orqali ular safini kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratish vazifasi qo‘yildi. Zero, butun mamlakat hududi bo‘ylab ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga ko‘tarishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter