Hindistonning yirik xalqaro ko‘rgazmasida qatnashgan o‘zbek dasturchilari: biz ulardan yaxshiroq texnologiyalar yarata olamiz
«Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi rezidentlari delegatsiyasi «INDIASOFT 2018» dasturchilar ko‘rgazmasida qatnashishi haqida avval xabar qilgan edik.
Ko‘rgazmada mamlakatimizning veb-sayt va mobil ilovalar, CRM-tizimlar ishlab chiqaruvchi «UzCard», «Unicon Soft», «Online Service Group», «Webline», «Suvan Net», «SSP-Maroqand», «Technologies of Business Processes Navoi», «Avars Plus», «Green White Solutions» va boshqa AKT-kompaniyalari vakillaridan iborat 15 kishilik delegatsiya ishtirok etdi. Bu haqida «UzNews.uz» ma’lum qildi.
«INDIASOFT» — Hindiston IT-ishlab chiqaruvchilari va butun dunyoda katta muvaffaqiyat qozongan xalqaro xaridorlar uchun yagona IT-texnologiyalar ko‘rgazmasi hisoblanadi. Ishtirokchi kompaniyalarning qiziqishlari IT-sanoatning dasturiy ta’minot, bulutli texnologiyalar, biznes-servislar, elektron xavfsizlik kabi asosiy segmentlariga qaratiladi.
Ta’kidlash joizki, ko‘pgina Yevropa va Amerika kompaniyalari Hindistonni asosiy autsorsing xizmatlari yetkazib beruvchi mamlakat deb hisoblashadi. Tasavvur qiling-a: faqat Hindiston dunyodagi autsorsing biznes-jarayonlarining 65 foizini bajaradi. Bu fakt Hindistonda ko‘plab iqtidorli va malakali kadrlar resurslari mavjudligiga shubha qoldirmaydi.
An’anaviy ko‘rgazma bu yil Osiyoning yirik ilmiy va sanoat markazi sifatida jadal rivojlanib borayotgan shaharlaridan biri — Bangalorda 24-25 yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab AKT-kompaniyalar joylashgani tufayli Bangalorni «Hind kremniy vodiysi» deb ham nomlashadi.
O‘n olinchi bor tashkil etilgan «INDIASOFT 2018» ko‘rgazmasida 150 dan ortiq mahalliy kompaniya hamda jahonning 75 mamlakatidan 400dan ortiq mehmonlar ishtirok etdi.
Ikki kun davomida O‘zbekiston vakillari Hindistonning dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari, shuningdek, boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan tanishdilar.
— Eng muhimi, bu tashrif orqali ko‘rgazmadagi so‘nggi texnologiyalar va Hindiston kompaniyalarining imkoniyatlarini ko‘rib, biz bundan ham yaxshiroq bo‘la olishimizni va xalqaro darajada raqobatlashishimiz mumkinligini tushunib yetdik, — deydi «Technologies of Business Processes Navoi» MChJ asoschisi va rahbari Baxtiyor Ro‘zimatov. — Butun dunyo Hindistonni AKT-sanoatining yetakchi mamlakati deb e’tirof etsa-da, biz ulardan yaxshiroq texnologiyalar yarata olamiz. Bizga faqat xalqaro tajriba yetishmaydi, xolos. «Mirzo Ulugbek Innovation Center» tomonidan biz rezidentlarning ushbu ko‘rgazmaga yuborilishimiz xorijda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganini ko‘rish va ulardan ham yaxshiroq ishlanmalar qilishimiz uchun juda foydali tajriba bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, «INDIASOFT 2018» delegatsiyamiz a’zolariga hamkorlik va xalqaro aloqalar o‘rnatish imkonini berdi. Ko‘rgazma doirasida o‘zbek va hind kompaniyalari o‘rtasida 10dan ortiq memorandumlar imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter