Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hayotiy hikoyalar: «samosud» qilingan ayol

Hayotiy hikoyalar: «samosud» qilingan ayol

Turmush qurganimizga o‘n to‘rt-o‘n besh yil bo‘ldi. Men ota-onamning xohishi bilan Nabi akaga turmushga chiqqan edim.

Hozir ikki nafar farzandimiz bor. Qaynota-qaynonam bilan uch-to‘rt yil yashab, poytaxtga ko‘chib keldik. Men tibbiyot kollejini tugatdim. Erim savdo sohasida o‘qidi. Keyin bozordagi do‘konda savdo qila boshladi. Bozorga har yerdan kelgan ayollar va erkaklar bola-chaqasini tashlab, pul topish uchun kelib ishlashardi. Turmush o‘rtog‘im ham ishlab yurib... bir ayolga ilakishib qolibdi. Men dastlab uncha sezmadim, borib-borib esa...

Erkak kishi biror ayolga ilakishsa, uning yurish-turishi o‘zgararkan. Erim uyga kech keladigan, hatto ishda qoldim, deb bahona qiladigan odat chiqardi. Boshida bu haqda chuqurroq o‘ylab ham ko‘rmabman.

Bir kuni, deng, erim uyimizga bir ayolni boshlab keldi. O‘rtog‘imning xotini, sog‘lig‘i yomon, ukol qilib qo‘y, dedi. Ismini, Nasiba, deb tanishtirdi.

Men, o‘rtog‘ining xotini ekan, deb yaxshi kutib olib, dasturxon yozdim, ukol ham qilib qo‘ydim. Ammo uning nimasidir menga o‘tirishmadi. Ko‘nglim g‘ash bo‘lib, g‘alati hisni tuydim. Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Men ruhiyat haqida ko‘p o‘qiganman va eshitganman. Bu ayolni ko‘rib, xuddi shu haqda o‘yladim. Yengiltak degan xulosaga keldim. U tashqi tomondan chiroyli kiyinishga harakat qilgan, ammo «ichi qaltiroq» edi. Ya’ni, men Nasibaning go‘yo botinini ko‘rib turardim. Garchand erim uni, «o‘rtog‘imning xotini», degan bo‘lsayam, bu ayol subqoyoq bo‘lsa kerak, degan fikr tug‘ildi menda...

Nasiba uyimizga tez-tez keladigan bo‘ldi...

Bir kuni biz bilan turadigan qayinsinglim o‘qishdan chiqib, dugonasi hamrohligida uyga qaytayotgan ekan. Tilla sotadigan do‘konda akasini ko‘rib qolibdi. Dugonasiga uni tanishtirmoqchi bo‘libdi. Uzoqdan ko‘rsatib, «Ana, akam», desa, yoniga Nasiba kelib, erimni qo‘ltiqlab olganmish. «Voy, bu kelinoyingmi?» deb so‘rabdi dugonasi piching qilib. Qayinsinglim nima dnyishni bilmay qolibdi. Dugonasi meni tanir edi-da!.. «E, Gulchehra kelinoying boshqami?» deb rosa kulibdi keyin.

Shu kuni qayinsinglim xo‘mrayib keldi. Menga hech nima demadi. O‘zim ham so‘ramabman. Bu gaplar o‘tganini bilmaganman-da! Qolaversa, o‘sha kuni katta qizimning tug‘ilgan kuni edi. Pishir-kuydir bilan bilan band edim. Nasiba haqida esa noto‘g‘ri o‘ylaganimdan pushaymon edim, xolos. U ham Xudoning bandasi, nega yomon ko‘rdim, deb o‘zimni o‘zim ayblardim. Bizning uyga ukol uchun kelib turibdi, shunga ham ota go‘ri qoziqxonami?

Xuddi ichimdagini bilganday, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, ostonada Nasiba paydo bo‘ldi. Qizimga sovg‘a olib kelibdi. Qimmatgina! Men avvalgi o‘ylarimdan ko‘ra hozir ko‘proq bu sovg‘adan hayron edim: Nasiba tilla zirak olib kelgan edi! Qizim azbaroyi quvonganidan uni darhol quloqlariga taqib oldi. Mehmonni dasturxonning to‘riga o‘tqazdik.

Oradan yarim soatlardan keyin erim ham keldi. U qizimizga tilla zanjir olib kelibdi. Qizim yanada quvondi. Erim Nasiba bilan xuddi bir-birini uzoq vaqt ko‘rmagan odamlardek quyuq so‘rashdi. O‘rtog‘ini ko‘rmaganiga ancha bo‘lganini aytdi. Shunda noxos qayinsinglimga ko‘zim tushdi: u erim bilan Nasibaga qovog‘ini uyib qarab turardi. Hayron bo‘ldim.

O‘sha kuni qayinsinglimning bezovtaligi sira qolmadi. Nasibaga tikilib, o‘zicha nimalardir deb pichirlaydi. Oxiri chiday olmay, uni chetga imladim. Nega mehmonga yovqarash qilayotgani sababini so‘radim. Ana shunda u menga hammasini aytib berdi. Bu gaplarga ishongim kelmasdi. Hech nima bo‘lmagandek Nasibani kuzatdim. Erimga ham lom-mim demadim...

Ertasi kuni Nasiba ukolga kelganida u bilan yakka-yolg‘iz gaplashib oldim. Avvaliga u aybiga iqror bo‘lmadi. Keyin ro‘yi-rost gapirib, Nabi akam bilan pul uchun yurganini aytdi. Agar meni  tashlab ketsa, eringizni tinch qo‘ymayman, dedi. Nasiba bilan qancha tortishmay, unga bas kelolmasligimni bildim. Alamim kelardi. Xuddiki Nasiba erimni tortib olayotgandek, yig‘lagim kelardi. Uni uydan haydab chiqardim.

Kechqurun erim bilan gaplashdim. U ko‘zlarini olib qochdi. Baqirdi-chaqirdi. Keyin esa... men va ikkita bolamdan kechsa ham, Nasibadan voz kechmasligini dangal aytdi. Shu zaylda turmushimda tinchlik yo‘qoldi.

Men endi erimning ortidan kuzatishga majbur edim. U qayerga borsa, olisdan poylaydigan bo‘ldim. Ba’zida Nasiba buni sezar, atayin erimning bo‘yniga osilib, tirjayib turardi.

Nima qilish kerak? Bunaqada erim unga uylanib olishdan ham qaytmaydi, axir! Bir kuni erim yo‘qligida azbaroyi alamim to‘lib-toshib, ko‘chada Nasibaga yopisha ketdim. Menda buncha kuch qayerdan paydo bo‘lganiga hozirgacha hayronman. Sira ayamadim. Bu men tomondan qilingan o‘ziga xos «samosud» edi...

Nasiba meni sudga bermoqchi bo‘ldi. Erim uning yonini oldi. «O‘zing aybdorsan, xotin», – dedi menga qarab. Nasibaning po‘pisasidan emas, balki erimning bunday munosabatidan jig‘ibiyronim chiqardi. Ajrashay, desam, ikki bolamni o‘ylayman.

Kimdir maslahat beribdimi, Nasiba shifoxonaga yotib oldi. Ekspertiza uchun kerak emish! «Yaxshisi, borib undan xabar ol, zora aybingni kechirsa», – deydi erim. Bu gapdan yanada yurak-bag‘rim qon bo‘ldi. Bir martayam bormadim. Axir, aybim nima? Aksincha, Nasiba aybdor-ku! Birovning ro‘zg‘orini, guldek oilasini buzmoqchi bo‘ldi-ku, axir! Nega erim shuni tushunmaydi? Nahotki, u o‘sha yengiltak Nasibani shunchalik yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsa?

– Peshonamdan ko‘raman, – dedim erimga. – Mayli, qamatsa, qamatsin, lekin hech qachon unga borib yalinmayman! Taqdirda nima bitilgan bo‘lsa, ko‘ramiz!..

Shunday kunlarning birida erim birdan shashtidan tushib qoldi. Hatto mendan kechirim so‘radi. Lol bo‘lib qoldim. Tavba, nimadir bo‘lganmi, qiziq?!. Har kuni Nasibani gapirardi, endi esa ismini tiliga ham olmay quydi. Menga va bolalarimizga mehribon, bir paytlardagidek shirinsuxan edi.

Men farzandlarimiz haqqi erimni kechirdim. Hayotda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Odam kimningdir aldov-makriga tushib, to‘g‘ri yo‘ldan adashadi. Ayniqsa, u yostiqdoshing bo‘lsa, kechirishing kerak. Afsuski, bunday paytlarda erini kechirolmay, oilasini buzayotgan ayollar ham bor.

Ammo menga bir savol sira tinchlik bermasdi: Nasibaga nima bo‘ldi ekan? Yo boshqa birorta erkakni topib olganmikan?..

Sababini keyin... Nasiba huzurimga zor-zor yig‘lab kelganidan so‘ng bildim. Shifoxonaga yotganida uni umumiy tibbiy nazoratdan o‘tkazishibdi. Ana shunda Nasibaning og‘ir dardga mubtalo bo‘lgani ayon bo‘libdi. Bu gapni eshitib, qo‘rqib ketdim. Erimni sudragudek qilib shifoxonaga yugurdim...

Hammasi yaxshi: biz sog‘-salomat ekanmiz. Nasiba esa ortimizdan qolmay, tavba qilar, yig‘lab-siqtardi.

Zulayho Nasimjonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring