Harbiylarimiz AQShdan rekord natija bilan qaytishdi
Joriy yilning 17 - 24 mart kunlari AQShning Missisipi shtati, «Camp Shelby» harbiy o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan «Eng ilg‘or jangchi – 2022» musobaqasida kichik serjantlar Abdurasul Tuyg‘unov va Abdumalik Abdurahmonov g‘oliblikka erishdi.
Musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSh Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni o‘z ichiga olgan fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSh namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardi.
Musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan holda g‘olib bo‘ldi.
Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 va 2021 yillarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘lishgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter