Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kreditlar kimlarga beriladi?

«Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kreditlar kimlarga beriladi?

Foto: «Mybelbank»

Xabar berganimizdek Prezident qaroriga asosan yurtimizda «Har bir oila — tadbirkor» dasturi amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi tomonidan mazkur dastur doirasida kreditlarni ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom ro‘yxatdan o‘tkazildi. «Huquqiy axborot» kanali «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida kredit ajratish tartibi haqida tushuncha berdi.

Qanday maqsadlarda beriladi?

Nizomga muvofiq dastur doirasida imtiyozli kreditlar qarz oluvchilarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki rivojlantirish maqsadlari uchun ajratiladi.

Qanday maqsadlar uchun olib bo‘lmaydi?

Kreditlar:

ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;

alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;

savdo-vositachilikni amalga oshirish;

umumiy ovqatlanish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini shakllantirish;

ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish;

ma’muriy xarajatlarni to‘lash, jumladan xizmat avtomobillari ta’minoti;

mebel, uyali telefon sotib olish, shuningdek aloqa xizmatlariga to‘lov maqsadlari uchun ajratilmaydi.

Kimlarga beriladi?

tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan jismoniy shaxslar;

kichik tadbirkorlik sub’yektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar;

dehqon va fermer xo‘jaliklari;

oilaviy tadbirkorlar.

Qancha miqdorda beriladi?

eng kam ish haqining 150 baravaridan – 1000 baravarigacha miqdorda.

Foizi

Kreditlarning foiz stavkasi yillik 7 foiz miqdorida belgilanadi. Bunda kredit liniyasi 3 foizni, bank marjasi 4 foizni tashkil etadi.

Muddati qancha?

Mikrokreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi.
Kreditlar amalga oshiriladigan loyihaning biznes-rejasiga muvofiq o‘zini o‘zi qoplash jihatlaridan kelib chiqib 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yil muddatgacha ajratilishi mumkin. Bunda berilayotgan imtiyozli davr va kreditni qaytarish muddati batafsil asoslantirilishi kerak.

Qanday hujjatlar taqdim etiladi?

Kredit olish uchun qarz oluvchi — jismoniy shaxslar kredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;

pasport nusxasi;

jismoniy shaxslarga kredit qaytarilishining ta’minoti sifatida sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli kreditlash bo‘yicha tavsiyanoma.

2. Kredit olish uchun qarz oluvchi — kichik tadbirkorlik sub’yektlari kredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;

biznes-reja;

tegishli davlat soliq inspeksiyasiga oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-son shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir
solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot (2-son shakl), (yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi
tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno);

ta’minot turlaridan biri (uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polisi, mol-mulk, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi).

Tijorat banklari qarz oluvchi — kichik tadbirkorlik sub’yektlariga yuqorida nazarda tutilgan ta’minot turlarini talab qilmasdan eng kam ish haqining 150 baravarigacha bo‘lgan miqdorda blankli (ishonchli) mikrokredit berish huquqiga ega.

Ko‘proq mablag‘ kerakmi?
Tuman va shaharlarda samaradorligi yuqori va barqaror ish o‘rinlari yaratish imkoniyati mavjud loyihalarga dastur doirasidagi resurslar hisobidan eng kam ish haqining 1000 baravaridan ortiq miqdorda yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kredit ajratilishi mumkin.

Samarali loyihalar tegishli hududiy ishchi guruhlar tomonidan tanlab olinadi va ushbu loyihaning haqiqatda mazkur hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ahamiyati qayd etilgan holda imtiyozli kreditlashga xulosa tayyorlanadi va xulosa ishchi guruhlarning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi.

Kredit necha kunda beriladi?
Qarz oluvchining arizasi kelib tushgan kundan boshlab, tijorat banki tomonidan uch ish kunidan oshmagan muddatda ushbu ariza bo‘yicha asoslantirilgan qaror qabul qilinadi.

Tijorat banki kredit berishni rad etgan taqdirda, bank qarz oluvchiga hamda tavsifnoma bergan tegishli sektorlar rahbarlariga va mahalla fuqarolar yig‘iniga bu haqda keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda yozma shaklda asoslantirilgan ma’lumot taqdim etadi.
Kredit naqd pul shaklida beriladimi?

Kreditlar qarz oluvchiga alohida kredit hisobvarag‘i ochish va uning to‘lov topshiriqnomalariga muvofiq, ushbu hisobvaraqdan naqd pulsiz shaklda pul o‘tkazish yo‘li bilan beriladi.

Jismoniy shaxslarga loyihaning o‘ziga xos jihatlari tovarni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish imkoniyati bo‘lmagan holda mikrokreditning bir qismi naqd pulda berilishi mumkin.

Kredit qanday qaytariladi?
Qarz oluvchi kredit hamda unga hisoblangan foizlarni naqd pulda, bank plastik kartochkalari orqali yoki qarz oluvchining hisobvarag‘idan pul o‘tkazib berish yo‘li bilan to‘lashi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring