Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har bir fuqaroga davlat xizmatiga kirishda teng huquqlar beriladi

Har bir fuqaroga davlat xizmatiga kirishda teng huquqlar beriladi

Davlat xizmati fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va ularga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshiriladigan muhim faoliyatdir. Ko‘plab fuqarolar o‘z karerasini davlat xizmatida ko‘rishni xohlaydilar. Buning uchun mustahkam va barqaror tizim joriy etilishi zarur.

Afsuski, amaldagi Konstitutsiyamizda fuqarolarning davlat xizmatiga kirishga bo‘lgan siyosiy huquqlari ochiq-oydin belgilanmagan. Shu bilan birga, amaldagi Konstitutsiyamizning 32-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar» deb belgilangan bo‘lsada, ushbu huquq tom ma’nodagi davlat xizmatiga kirish huquqi kafolatlanishini anglatmaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 37-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar. Davlat  xizmatini  o‘tash  bilan  bog‘liq  cheklovlar  qonun  bilan belgilanadi», deb belgilanmoqda.

E’tiborlisi, ushbu muhim siyosiy huquq xalqaro hujjatlarda allaqachon mustahkamlangan. Misol uchun, BMTning 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 21-moddasida «Har bir inson o‘z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega» deb belgilangan. Shuningdek, «Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida»gi Xalqaro paktning 25-moddasining mazmunida ham har bir fuqaro hech bir kamsitishsiz va asoslanmagan cheklashlarsiz o‘z mamlakatida umumiy tenglik shartlarida davlat xizmatiga kirish huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerakligi mustahkamlangan.

Mazkur siyosiy huquqning Konstitutsiya darajasida belgilanishi fuqarolarning davlat xizmatiga kirishdagi teng huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Zero, davlat xizmatiga teng, qonuniy va adolatli raqobat shartlarda salohiyatli kadrlarni keng jalb qilish davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida sifat va natijadorlikni ta’minlashning muhim talabidir.

So‘nggi yillarda davlat xizmatiga kirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat xizmatiga kirishdagi ijtimoiy adolat va tenglik ta’minlanmoqda. Shu maqsadda meritokratiya tamoyili asosida, ya’ni eng munosib nomzodlarning tanlov asosda saralab olish yo‘li bilan davlat xizmatiga qabul qilish tartiblari joriy etildi.

Ya’ni, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ulligida davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz platformasi ishga tushirilib, davlat fuqarolik xizmatlarida mavjud vakant lavozimlar uchun ochiq tanlovlar o‘tkazish tizimi amalga kiritildi. Shu kunga qadar 400 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlarida tanlov tizimi joriy etilgan bo‘lib, ularda 1 million 383 mingga yaqin fuqarolar vakant lavozimlar ochiq tanlovlarida qatnashganlar. O‘tkazilgan ochiq tanlovlarda ishtirok etgan nomzodlardan  46 601 nafari (2023-yil 24-mart holatiga ko‘ra) bilim va salohiyati nuqtai nazaridan munosib deb topilib, davlat xizmati lavozimlarini egallagan.

Konstitutsiyamizning yangi tahririda davlat  xizmatini  o‘tash  bilan  bog‘liq  cheklovlar  qonun  bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Aytib o‘tish mumkinki, ushbu cheklovlar turli qonunchilik hujjatlarida belgilangan. Misol uchun, «Davlat davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13, 28-moddalarda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar belgilangan. Unga ko‘ra, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, sudning qarori bilan muayyan muddatga davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilingan shaxslar, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarning   davlat  xizmatiga  qabul  qilinishiga  yo‘l  qo‘ymaslik bo‘yicha qoidalar mavjud.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi davlat xizmatiga kirishda barcha fuqarolarga teng shart-sharoitlar yaratib, kadrlarni mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlab olish kabi salbiy illatlarning bartaraf etilishiga hamda davlat xizmatiga munosib, chuqur bilimga ega, intiluvchan va yuksak salohiyatli  kadrlarni yollash imkoniyatini kafolatlaydi.

Xushvaqt XAYITOV ,
Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri,
yuridik fanlar doktori, professor

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring