Haqiqiy Wolkswagen Beetle, prezident haydagan Malibu va Islom Karimov dastxat qo‘ygan Spark... Toshkent politexnika muzeyida yana nimalarni ko‘rish mumkin?
«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida foto va maqolalar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihasining bu galgi manzili – Toshkent politexnika muzeyi.
O‘zbekistonda muzeylar tarixi juda uzoq – 150 yilga yaqin davrga borib taqaladi. Lekin transport, avtomobilsozlik taraqqiyoti tarixidan so‘zlovchi sanoat va qishloq xo‘jaligi mashinalari va ularga oid ixtirolarni o‘zida jamlagan muzey uzoqroq o‘tmishda bo‘lmagan. Hozirda Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadigan Toshkent politexnika muzeyi «UZAUTOSANOAT» AK tashabbusi bilan 2015 yil 10 noyabrda tashkil etilgan.
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 13 uy.
Kirish pulli: 1-qavat (retro va zamonaviy avtomobillar) 5 ming so‘m; 2-qavat (fizika va matematikaga oid interfaol bo‘lim) 15 ming so‘m; nafaqa yoshidagilar, 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar va imkoniyati cheklanganlar uchun bepul.
Ekskursiya xizmati: Bir kishi uchun 1.500 so‘m.
Ish vaqti: Seshanba – yakshanba 10:00 dan 18:00 gacha.
Dam olish kuni: Dushanba.
To‘liq aylanish uchun: 40 daqiqadan 3 soatgacha vaqt sarflanadi.
– Muzeyimiz 3ta asosiy bo‘limdan tashkil topgan, – deydi Toshkent politexnika muzeyi ekskursavodi Azamat Sarkulov. – Bular jahon avtomobilsozligi tarixi, milliy avtomobilsanoat tarixi va interfaol eksponatlar.
– Muzeyning retro hududi ham bor ekan-a?
– Jahon avtomobilsozligi tarixi bo‘limini retro hudud ham deyish mumkin. Ushbu bo‘lim avtomobilsozlik rivojlanishining asosiy voqealarini aks ettiradi. Avtomobilsozlik tarixi va taraqqiyotiga oid eksponatlar va Germaniya, AQSh va Rossiya retro avtomobillari shu bo‘limdan joy olgan. Bu yerda Wolkswagen Beetle, Moskvich-400, GAZ-13 «Chayka»ning haqiqiysini ko‘rishingiz mumkin.
Bundan tashqari, muzeyda benzin bilan harakatlanuvchi dunyodagi ilk avtomashina – Motorwagen avtomobilining aynan yasalgan modeli va bor. Motorwagen nemis ixtirochisi Karl Bens tomonidan yaratilgan. U o‘zining qiziq tarixiga ega. Karl Bens o‘z avtomobilini birinchi marta odamlarga namoyish qilib ko‘rsatayotganda, mashina ag‘nab ketadi. Odamlarga bu hodisa qattiq ta’sir qilib, unga buyurtma tushmaydi. Karl Bens katta mablag‘ sarflagani uchun iqtisodiy qiyinchilikka tushib qoladi. Bu og‘ir vaziyatdan uni ayoli Berta Bens olib chiqadi. Berta Bens o‘zi avtomobilni boshqarib, sayohatga chiqadi. Sayohati muvaffaqiyatli o‘tadi. Bu jonli reklamadan keyin, Karl Bensga taklif va buyurtmalar tusha boshlaydi. Muzeyimizdagi Motorwagen modeli yonida shuning uchun ayol kishi tasviri ham bor. Bu ayol turmush o‘rtog‘ini og‘ir vaziyatdan olib chiqqan Berta Bens.
– Muzey eksponatlari qanday yig‘ilgan?
– «UZAUTOSANOAT» tomonidan taqdim qilingan, shaxsiy kolleksiyalardan vaqtincha ekspozitsiya uchun berilgan, haqiqiy bo‘lmagan modellarning barchasi Turin politexnika universiteti talalabali tomonidan yasalgan.
– Mehmonlar asosan qaysi eksponatlarga qiziqish bildiradi?
– Retro avtomobillarining haqiqiysiga, birinchi prezidentimiz dastxat qo‘ygan o‘zimizning avtomashinalarga va albatta, interaktiv bo‘limga qiziqish katta. Hozir bizda yana bir qiziq eksponat bor. Bu 2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanida yangi qurilgan ko‘prikda boshqargan Chevrolet Malibu avtomobili.
– Interfaol eksponatlar bo‘limida nimalarni ko‘rish mumkin?
– Eng qizig‘i, an’anaviy muzeylarda eksponatlar tomosha qilinsa, bizning interfaol bo‘limda fan va texnika olamiga jonli sayohat qilishingiz mumkin. O‘quvchilar bu bo‘limda matematika, fizika, astronomiyaga oid bilimlarini mustahkamlab, fizika qonuniyatlarini hayotiy misollarda ko‘rish bilan birga, eksponatlarni ushlab, qimirlatib, yig‘ib ko‘rishadi.
– Asosan qaysi yoshdagilar ko‘proq keladi muzeyga?
– Har xil. Mehmonlar orasida maktab o‘quvchilari, oilalar va turistlar soni ko‘proq.
Jahon avtomobilsozlik tarixiga, fizika va matematika qonuniyatlarining oddiy turmush tarzimizda qanday aks etishi va ularni o‘z qo‘lingiz bilan sinab ko‘rishga qiziqsangiz, albatta, Toshkent politexnika muzeyiga keling. Muzeyda yosh bolalilar uchun ham sharoitlar yaratilgan. Masalan, bolalar aravachasi, tekin bolalar maydonchasi xizmatda.
Dilroz Abrayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter