Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Haqiqiy qotil qani?» - Andijonda yosh qizchani o‘ldirganlikda ayblangan ayol oqlandi!

«Haqiqiy qotil qani?» - Andijonda  yosh qizchani o‘ldirganlikda ayblangan ayol oqlandi!

O‘tgan yilning iyun oyida Asakada to‘qqiz yashar qiz o‘ldirib ketilgani  ozmuncha shov-shuvga sabab bo‘lmagandi?! Marhuma tanasining 18 joyidan pichoq urilgani oqibatida vafot etganidan Andijon larzaga kelgandi.

Qottillik sodir bo‘lganidan sanoqli kunlar o‘tib,  jinoyatni sodir etgan shaxs qo‘lga olingani, u  marhumaning 23 yoshli qo‘shnisi (ayol) bo‘lib chiqqani haqida  xabarlar tarqaldi, hatto gumondorning suratlari ham tarmoqlarga chiqib ketdiki,  jamoatchilik biroz tin olgani rost. Biroq ishtiboh ham yo‘q emasdi:  yosh juvon, boz ikki yashar go‘dakning onasi  shu darajada vaxshiylikka borishi mumkinmi o‘zi?

Oradan ko‘p o‘tmay qamoqqa olingan kelinning yaqinlari ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, ayol aslida aybsiz ekani, organ xodimlarining qiynoqlari natijasida yo‘q jinoyatni bo‘yniga olishga majbur bo‘lganini bildirishdi. Biroq bundan natija bo‘lmaganini qotillikda ayblanayotgan ayolning ishi sudga oshirilgani aytib turibdi.

Sudda esa... kutilmagan hol: ayol aynan qotillik jinoyati bo‘yicha oqlandi!  Ayni ma’lumotni «Xabar.uz» manbasi tasdiqladi.

Darhaqiqat, holat karrasiga kutilmagan edi.

Birinchidan,  o‘z vaqtida  «delo» viloyatdan olinib, naq Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga berilgandi. Markaziy mahkamada malakali tergovchilar faoliyat yuritishiga shubha yo‘q edi, rosti. Biroq mazkur jinoyat ishi bo‘yicha uyum-uyum qovun tushirlganini oqlov hukmi  yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ikkinchidan, qilmagan og‘ir jinoyatni hech qanday bosimsiz bo‘yiniga olishi uchun odam jinni yoki tentak bo‘lishi lozim. Oqlangan ayolning aqli raso ekanmi, demak, sho‘rlik «qotillikka  iqror bo‘lishi uchun» qiynoqqa solinganiga shubha qilmang! Bu esa o‘z-o‘zidan holat  jiddiy o‘rganilishi va aybdorlar jazoga tortilishi kerakligini anglatadi.

Uchinchidan, naq poytaxtda tergov qilingan  va yana deng qotillikka oid «delo» bo‘yicha bo‘yicha viloyat sudida oqlov hukmi chiqishi yaqin-yaqingacha ertak bilan barobar edi.  Bugun vaziyat boshqachaki, bu sudyaning salohiyatidan tashqari jasoratidan ham  darak!

Nihoyat, to‘rtinchidan,  ayolning oqlanishi qotil boshqa ekani, u katta ehtimol bilan yallo qilib yurganini anglatadi. Og‘ir jinoyatga qo‘l urib, javobgarlikka tortilmay qolgan kimsa yallo qilib yurishiga shubha qilmangki, jamiyat uchun eng katta xavf shu, aslida?!        

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring