Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hammoldan chiqqan hukmdor

Hammoldan chiqqan hukmdor

U ancha yillardan beri ko‘nglida saqlab kelgan ginasining alamiga avvali qushbegini, keyin esa qozi Nizomiddinni o‘ldirtirib yubordi. Negaki, ular Buxoro hukmdori Doniyolbiyga o‘g‘li xususida shunday deyishgandi: «Bir necha sohibfarosat o‘g‘illaringiz bor bo‘la turib, bu mulk va mamlakatga badnom va nomusshikan devonani valiahd qilsangiz, xato bo‘lur. Aksincha, bu devonani noqis qilsangiz, hech istiholasi yo‘q...»

Bu so‘zlar Shomurodga shunchalik qattiq ta’sir qilgan ekanki, Buxoroga hukmdor bo‘lgach, birin-ketin har ikkala amaldorni asfalosofilinga jo‘natdi. Keyin esa o‘zining «devona, hammol» emasligini, aksincha dovruqli hukmdor ekanligini ahli muslimga isbotladi.

Doniyolbiyning 11 farzandi ichida Shomurod biroz darveshsifat bo‘lib voyaga yetdi. Buning ustiga shahzoda so‘fiylik yo‘liga o‘tib, O‘rta Osiyoda dong taratgan shayx Safarga murid bo‘ldi. Oldiniga shayx «sen podshohzoda bo‘lsang, to‘plangan boyliklaring harom yo‘l bilan bunyod bo‘lgan. Murid halol yo‘l bilan o‘zini boqishi kerak. Sen nechuk riyozat va xizmati mashoyixga toqat qilasan?» deb Shomurodni muridlikka olmadi. Ammo qat’iyatli shahzoda qasam ichib, «Men bozorda hammollik qilib bo‘lsa ham, o‘z kunimni o‘zim ko‘rurman», – dedi.

Qarangki, u aytganini qilib, bozorda boshyalang va oyoqyalang yurgancha hammollik qilib, o‘z kunini topgan puli bilangina o‘tkaza boshladi. Ayni paytda piri Shayx Safar yonida muridlik qilib, toat-ibodatni ham kanda qilmadi.

Bozorda hammollik qilib yurgan shahzodani ko‘rganlar uni devona deyishgacha borgach, otasi Doniyolbiy qozi va qushbegiga maslahat soldi. Amaldorlar bu devona o‘g‘ilni nafaqat valiahdlikdan, balki farzandlikdan ham mosuvo qilish kerakligini aytishdi. Ammo baribir g‘ayratli va e’tiqodli Shomurod valiahd deb e’lon qilindi va otasining vafotidan so‘ng 1785 yilda taxtga chiqdi. Xalq esa, hammoldan ham hukmdor chiqarmikan, degan o‘yda edi.

Biroq ko‘p o‘tmay Shomurod ommaga suyanib siyosat yurgizgach, elning ishonchini qozondi. Dastlab u shariat tartiblariga qat’iy rioya etish, halol va haromni ajratishda qattiq siyosat yurgizdi. Eng avvalo, hammollik qilib, bozorda kun ko‘rib, ahvol bilan tanishgani bois, tarozidan urib qolish, sifatsiz mol sotish, qalloblik, ko‘cha-ko‘yda axloq meyo‘rlariga amal qilish bo‘yicha ishlarni jonlantirib, jazoga loyiq kimsalarni qattiq jazoladi.

Shomurod hukmdor bo‘la turib, o‘zining sharafiga dabdabali ziyofat va tadbirlar uyushtirilishiga yo‘l qo‘ymas, kundalik xarajati uchun bir tangani yetarli deb bilar, amaldorlar taklif qilgan ziyofatlarga bormas, ulardan sovg‘a ham qabul qilmas, oddiy, faqirona kiyimlar kiyardi. Shu bilan birga otasining davrida noroziliklarga sabab bo‘lgan ko‘pgina soliqlarni ham bekor qildiki, bularning bari Shomurodning obro‘sini ko‘tarib yubordi.

U hukmdor so‘fiylar, shayx va muridlarni tez-tez atrofiga chorlab, ular bilan bamaslahat ish tutar, birga toat-ibodat qilardi. Fitratning «Amir Olimxonning hukmronlik davri» nomli 1930 yilda nashr ettirgan kitobida qayd etilishicha, «Shohmurod o‘zining fe’l-atvoriga mos keladigan kishilarni, juda ko‘p so‘fi hamda shayxlarni atrofiga to‘pladi, egnini but, qornini to‘q etdi. Ular esa gumroh xalq orasida Shohmurod foydasiga tashviqot yurgizib, uni «avliyo» lardan biri sifatida ko‘rsatar edilar».

Fitrat bu hukmdor haqida tanqidiy fikrlarini ham keltirib o‘tadi: «Shohmurod tor dunyoqarashga ega kishi edi. Lekin unchalik ahmoq ham emasdi. U mamlakatning ahvoli, mang‘itiylar sulolasining e’tiborsizligini kuzatib, vaziyatni yaxshi tushunar edi va bu sulola uzoq vaqt hokimiyatni o‘z qo‘lida asray olmasligini ham yaxshi bilardi. Shohmurod sipoh sarkardalari, mullolar, shahar va qishloq ahlidan umidini uzgan edi. Ular arzimas bir bahona bilan undan yuz o‘girishlarini ham bilardi. U qo‘shni davlatlardan panohiga najot istab kelgan siyosiy qochoqlarni hech bir gunohsiz, maxfiy holda qatl ettirardi. Obod, osoyishta bir shahar kulini ko‘kka sovurib, minglab aholisini qul bozoriga haydab borishdan uning vijdoni hech qiynalmas edi

Ha, Shomurod o‘z davrining kamchilik va nuqsonlardan xoli bo‘lmagan hukmdorlaridan biri edi. U o‘z davlati qudratini oshirish va ichki nizolarga barham berishga intildi. 1740 yildagi Nodirshoh istilosigacha Buxoro ixtiyorida bo‘lgan Xurosonni qaytarish uchun bir necha bor yurishlar olib bordi. Shuningdek, oldinlari Buxoro izmida bo‘lgan Maymana, Andhud, Balx viloyatlarini yana o‘ziga itoat qildirishga ham harkatlar qildi. Garchi bu hududlarni bir yo‘la o‘ziga qaram qilolmasa-da, 1790 yilda Marvda yana Buxoro hukmronligini tiklashga erishdi.

Shu tariqa Buxoroning mang‘it urug‘i amirlari orasida eng xalqchil siyosat yuritgan, avom tili bilan aytganda, «hammoldan chiqqan hukmdor» 15 yil taxtda o‘tirib, 1800 yil 63 yoshida vafot etdi.

Umid Bekmuhammad, tadqiqotchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring