Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hamma yerda inqirozu Gayanaga «soqqa» oqayapti

Hamma yerda inqirozu Gayanaga «soqqa» oqayapti

Foto: airtime.ru

Bir paytlar Britaniya mustamlakasi bo‘lgan va hozirda ingliz tili rasmiy til hisoblangan Janubiy Amerikadagi yagona davlat bu Gayanadir. Lotin Amerikasidagi barcha davlatlar pandemiya tufayli inqirozga tushib qolgan bo‘lsa, u hozir o‘z tarixidagi eng yaxshi iqtisodiy vaziyatda yashamoqda.

Bu yerda uzoq yillar ishsizlik va qashshoqlik hukm surar edi. Ulkan neft konlari ochilishi bilan butun dunyo sarmoyadorlarida katta qiziqish paydo bo‘la boshladi.

2008 yilda Amerikaning «ExxonMobil» va «Hess» kompaniyalari Xitoyning «CNOOC» bilan hamkorlikda konsorsium tuzib, mamlakat qirg‘og‘idan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan «Starbroek» blokida razvedka ishlarini olib borgan edi. 2017 yilga kelib qazib olish ishlari boshlandi va birgina neft qudug‘ida 1,4 milliard barrel «qora oltin» zaxirasi borligi ma’lum qilindi.

O‘tgan yili qazib olish hajmlari sutkasiga 120 ming barrelga yetkazildi. Bir necha yildan keyin esa bu miqdor kuniga 750 ming barrelni tashkil qiladi.

Biroq mamlakatning o‘zida uni qayta ishlar uchun bir necha kilometrlik neft quvurlari va yordamchi infratuzilmani yaratish zarur.

Shunga qaramay, aholisi bir millionga ham yetmaydigan Gayananing bunday tez rivojlanishi va Lotin Amerikasida neft eksport qiluvchi yetakchi davlatlardan biriga aylanib borayotgani beqaror qo‘shnisi Venesuelaga ma’qul kelmaydi.

Taxminan 160 ming kvadrat kilometrga teng, mineral resurslarga boy Gayananing Essekibo mintaqasi uchun bu ikki davlat o‘rtasida mana ikki yuz yildirki, tortishuv bir olovlanib, bir pasayib turadi.

Rasmiy Vashington bilan Karakas o‘rtasida ziddiyat kuchaygan hozirgi sharoitda AQSh Gayanani har qanday holatda ham himoya qilishga tayyor. Chunki o‘tgan yili, u sutkasiga 27 ming barrel «qora oltin»ni ushbu davlatdan import qildi.

Bu yil boshidan esa bu miqdor kuniga 60 ming barrelga yetdi va AQShning chetdan neft import qiluvchi yetakchi o‘nta davlatlari qatoriga kirdi. Hozirda Gayana qirg‘oqlarida AQShning oltita burg‘ulash kemalari ish olib borayapti. Zaxiralar esa bir necha barrelga ko‘paydi.

Topilayotgan neft shu qadar ko‘pki, 2025 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmi 10 barobarga o‘sishi kutilmoqda.

«Aksariyat odamlar haligacha anglab yetmayaptiki, neft zaxiralari shu qadar kattaki, besh yil ichida mamlakat yalpi ichki mahsuloti uch yuz, hatto ming foizgacha o‘sishi mumkin. Gayana yaqin istiqbolda yarim shardagi, balki jahondagi eng boy mamlakatga aylanishi mumkin», degan edi o‘tgan yil oxirida AQShning Gayanadagi elchisi Perri Xollouey.

Endilikda ko‘plab immigrantlar o‘z yurtiga qaytish haqida uylay boshladi.

Hukumat esa qisqa vaqt ichida kelayotgan mablag‘larni qaysi sohalarga kiritish samarali bo‘lishi haqida o‘ylamoqda. Hukmron partiya pullarni fermerlarni xizmatlar sohasiga va davlat ishlariga qayta o‘qitish uchun sarflashni taklif etmoqda. Norvegiya va Amirliklar kabi milliy farovonlik jamg‘armasi tuzilmoqda. Muxoliflar esa qishloq joylarda shakar fermalarni subsidiyalash taklifini ilgari surmoqda.

E’tiborli tomoni, o‘tgan yili mart oyida prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Muhammad Irfon Ali musulmon diniga e’tiqod qiladi. U yaqin besh yilda 50 ming yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va’da bergan. Agar barcha rejalar kutilganiday amalga oshirilsa va faqat xalqning milliy manfaatlariga yo‘naltirilsa, Gayana misolida insoniyat yangi iqtisodiy mo‘’jizani ko‘radi.

Lobar Shomurodova,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring