Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirishdan ko‘zlangan maqsad ochiqlandi

HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirishdan ko‘zlangan maqsad ochiqlandi

Gideon Levi.

Isroillik taniqli jurnalist va yozuvchi Gideon Levi Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishini mutlaqo ma’nisiz harakat deb atadi.

«Suiqasd vaziyatni o‘zgartirmaydi. Avval ham, keyin ham o‘zgartirmagan. Chunki bu qotilliklar aniq maqsadga xizmat qilmaydi. Na Isroil manfaatlariga, na xavfsizligiga yordam beradi. Bu xuddi bolalar o‘yiniga o‘xshaydi. Ayrim bolalar o‘zini Jeyms Bond chog‘lab, naqadar kuchli ekanini ko‘rsatishni istaydi», – deydi Gideon Levi.

Jurnalistga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Haniyaning o‘limi HAMASni mahv etadi degan o‘y-xayoli haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

«Aksincha, HAMAS bugun zaif emas, urushga qadar davrga nisbatan siyosiy jihatdan kuchliroq. HAMAS nafaqat G‘arbiy sohilda, arab olamida, balki butun dunyoda mashhurroq», – deydi isroillik qalamkash.

Gideon Levi HAMASning avvalgi yetakchilari, xususan, uning asoschisi shayx Ahmad Yosinning o‘limini ham yodga olgan.

«Har gal bizni HAMAS tor-mor etildi deb ishontirishgan, ammo bir necha oydan keyin u faqat kuchaygani ma’lum bo‘lar edi», – deya Isroil rasmiylarining xatti-harakatini baholagan ekspert.

Ta’kidlanishicha, Netanyahu G‘azodagi urushni cho‘zish va o‘z karerasini, siyosiy umrini uzaytarish maqsadida Haniyani o‘ldirishga buyruq bergan.

Kuni kecha «Haaretz» gazetasi ham Haniyaga suiqasd bosh vazir Netanyahuning garovdagi isroilliklarni qutqarish niyatida emasligidan dalolat beradi, deb yozdi.

Avval xabar berganimizdek, HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya 31 iyulga o‘tar kechasi Tehronda o‘ldirildi.

Xitoy, Rossiya, Turkiya va qator arab davlatlari bu qotillikni qoraladi.

Eron va HAMAS Haniyaning o‘limida Isroilni aybladi.

Marhum bilan vidolashuv avval Tehronda o‘tkazildi. Janoza namozini Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy o‘qidi.

2 avgust kuni Qatar poytaxti Doha shahrida ham ta’ziya va dafn marosimi tashkil qilindi. Ismoil Haniya Doha yaqinidagi Lusayl qabristoniga dafn etildi.

Eronning yuragi sanalgan Tehronda amalga oshirilgan siyosiy qotillik ortidan fors davlatining yahudiy davlati bilan tarang munosabatlari yanada keskinlashdi. Eron Isroilga javob yo‘llashi kutilmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring