Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hali bu yerlar lolazor bo‘ladi

Hali bu yerlar lolazor bo‘ladi

Foto: «XDP.uz»

«U yana sarg‘aygan qirlarga boqdi, kichik voha tubida hansirab yotgan qishloqqa boqdi, lekin ko‘nglida azalgi anduhni tuymadi, anduh qaygadir uchib ketganday edi. To‘liqdi, to‘liqqani barobar Oshnoga eshittirmay sekingina shivirladi: hali bu yerlar lolazor bo‘ladi!..».

Jom qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetgan atoqli adib Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» romanidagi ushbu jumlalar adibning o‘z yurtiga bo‘lgan cheksiz muhabbati yaqqol namoyonidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Obod qishloq» dasturi butun O‘zbekiston ahlini quvontirib yubordi. Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Jom qishlog‘ida ham ana shu dastur asosida qayta ta’mirlash ishlari keng ko‘lamda boshlab yuborilgan. Maqsad – qishloq ahli uchun xuddi shahardagidek sharoit yaratish.

Foto: «Uza.uz»

Jomdagi Maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida o‘quvchilar hunarmandchilik, axborot texnologiyalari, jismoniy tarbiya, tikuvchilik va maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tahsil oladi, bundan tashqari, bu yerda to‘rtta umumta’lim maktabi, bitta qishloq tibbiyot maskani aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Hozirda Jom QFY tarkibida «Jom», «Gardiqo‘rg‘on», «Tegirmonboshi», «Omondara», «Do‘stlik», «Sariko‘l» mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘lib, ularda jami 32 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Jom qishlog‘i mamlakatimizning eng yirik aholi maskanlaridan biri hisoblanadi. Qishloqning yuqori qismi – Omondara hududida Qoraxoniylar tomonidan XI asrda barpo etilgan G‘ishtband suv ombori bo‘lib, bu hududdan topilgan qazilma materiallarining yoshi 3 ming yillik tarixga ega ekanligi isbotlangan va bu topilmalar hozirda Samarqand muzeyida saqlanmoqda. Darvoqe, o‘tgan yili G‘ishtband suv ombori qayta qurilishi uchun respublika budjetidan 3 milliard 200 million so‘m ajratildi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Jom qishlog‘ining nomlanishi bo‘yicha uch xil ta’rif mavjud. Birinchisi – joylashish o‘rni jomga o‘xshaganligi sababli, ikkinchisi – «jom» so‘zi forschadan olingan bo‘lib, aloqa ma’nosini anglatar ekan, ya’ni qadimda Toshkent – Samarqand – Kobul – Qandahor va Buxoro – Toshkent – Shahrisabz yo‘nalishida Buyuk Ipak yo‘lini bog‘lovchi vazifasini o‘tagan, uchinchisi – hazrat Abdurahmon Jomiy nomi bilan bog‘langan.

Arxeologlar tomonidan Jom qishlog‘i atrofidan jez davri buyumlari topilgan, bundan tashqari, qadimgi qabriston qazib o‘rganilgan. Topilmalar orasida pardoz-andoz buyumlari, jumladan, turli jez oynachalar, to‘g‘nog‘ichlar, taqinchoqlar va boshqa buyumlar bo‘lgan.

Nurobod tumanining sharqiy hududidagi tog‘lar bag‘ridan boshlangan bu qishloq Qashqadaryo viloyatining Ulus cho‘llari bilan tutashib ketadi. Tog‘lardan qazib olinayotgan marmar sifatli qurilish xom ashyosi hisoblanadi. Jom qishlog‘ining mehnatkash aholisi azal-azaldan g‘allachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib keladilar.

– Qishlog‘imizda obodonlashtirish ishlari boshlanmasdan oldin fevralning oxiri va mart oyi boshlarida Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Jizzax viloyat Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘iga yuborildi, – deydi biz bilan suhbatda Jom mahalla fuqarolar yig‘ini vakili Irisqul Doniyorov. – U yerdagi tashkil etilgan ish jarayoni bilan yaqindan tanishib qaytgach, viloyat hokimligida yig‘ilish o‘tkazildi va barcha vazifalar qisqa muddatlarda bajarilishi mo‘ljallanib, ishlar taqsimlandi.

Qisqa muddat ichida Samarqand – Qarshi yo‘lining Jom qishlog‘idan o‘tgan qismidagi 3,5 km. uzunlikdagi elektr liniyalari uchun yangidan beton ustunlar o‘rnatilib, simlar tortildi, uchta transformator podstansiyalari va 1763 xonadonning eskirgan elektr simlari yangisiga almashtirildi.

Qishloqda aloqa xizmatlarini joriy etish maqsadida «Beeline», «UzMobile» mobil aloqa korxonalarining ishlab turgan baza stansiyalari qayta rekonstruksiya qilindi, UMS va SOSCOM uyali aloqa kompaniyalari tomonidan baza stansiyalari o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi.

– «O‘zbektelekom» AK Samarqand filiali tomonidan ham Jom qishlog‘ida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi, – deydi filial direktori Mansur Aliyev. – Qishloqdagi «UzMobile» baza stansiyasiga Switch qurilmasi o‘rnatilib, Nurobod RTS hamda Jom qishloqlarida o‘rnatilgan radiorele stansiyalari orqali 20 Mbit/s. tezlikdagi tarmoq tashkil qilindi. Korxonamiz xodimlari tomonidan «Obod qishloq» dasturi bajarilishiga hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz.
Ha, bugun Jomda hayot qaynamoqda. O‘zgarishlar katta, muhimi, xalqning kayfiyati yuqori, kelajakka ishonchi baland.

Abdug‘afur Hotamov, «Xabar»ning Samarqand viloyatidagi muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring