Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hakam bo‘lay desangiz... Yosh hakamlarni tanlab olish mezoni qanday?

Hakam bo‘lay desangiz... Yosh hakamlarni tanlab olish mezoni qanday?

Foto: www.the-uff.com

Futbol musobaqalarida hakamlik qilish uchun malakali hakamlar va yordamchi hakamlar sonini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan hakamlarni saralab olish dasturi ishlab chiqildi.

Ushbu dasturga muvofiq dastlabki bosqichda hakamlarni tanlab olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar futbol federatsiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov yosh hakamlarni tanlab olish mezonlarini tasdiqladi. Unga ko‘ra endilikda yosh hakamlarni tanlab olishda qo‘yiladigan mezonlar quyidagilardan iborat:

1.Erkaklarning bo‘yi 175 sm, ayollarning bo‘yi esa 165 sm dan kam bo‘lmasligi kerak.

  1. Hakamlikka nomzodlarning yoshi 18 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lishi zarur.
  2. Ingliz tilini bilishi
  3. Kompyuterdan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar futbol federatsiyalari tomonidan yosh hakamlar uchun 15 soatdan kam bo‘lmagan hajmdagi kirish kurslari tashkil etilishi lozim. Kirish kurslariga amaliy mashqlar, o‘yin Qoidalari bo‘yicha nazariy bilimlar, hakam va hakam yordamchilarining o‘rni va majburiyatlari, shuningdek, o‘yin qoidalari va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha testlar kiritiladi.

Kirish kurslari yakunlanishiga qo‘shimcha tarzda barcha yosh hakamlar va hakam yordamchilari kamida bir chorakda bir marta seminarlardan o‘tishi kerak. Seminarlarda o‘yinlardagi qaltis holatlar, muammolar, xatolarni tan olinishi, FIFA va OFKning o‘yin Qoidalari bo‘yicha direktiva va interpretatsiyalari kabi mavzular muhokama qilib boriladi. Shuningdek, seminarlar o‘yin Qoidalari bo‘yicha yozma test va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha testlarni o‘z ichiga oladi.

Joylarda malakali hakamlarni tayyorlash uchun viloyatlar 4ta hududga bo‘lingan holda, har bir hududga ikki nafardan O‘FF vakili biriktirilgan.

1-hudud: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari. O‘FF mas’ullari - Oleg Dachev va Baxtiyor Tog‘ayev.

2-hudud: Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari. O‘FF mas’ullari - Arslon Hotamov va Artyom Arutyunov.

3-hudud: Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari. O‘FF mas’ullari - Vladislav Seytlin va Baxtiyor Namozov.

4-hudud:Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyati va Toshkent shahri. O‘FF mas’ullari - Aleksandr Popov va Dmitriy Roman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring