Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Haddan ortiq katta boylik baxt keltirmadi – depressiya tufayli 35 yoshida vafot etdi

Haddan ortiq katta boylik baxt keltirmadi – depressiya tufayli 35 yoshida vafot etdi

U haqiqatan ham har qanday ayol orzu qiladigan hamma narsaga ega edi. Erkaklarni aqldan ozdiradigan go‘zallik, pul, hashamat – eng qimmat va nafis zargarlik buyumlarining cheksiz miqdori, barcha-barchasi bor edi. Va eng qizig‘i butun dunyoni uning oyoqlari ostiga qo‘yishga tayyor bo‘lgan erkaklar. Yana ikkita orol va ikkita pantera. Lekin bu to‘kinlik, farovonlik, boylik uni baxtli qila oldimi?

Nina Sheyla Dayer 1930-yilda tug‘ilgan. Uning otasi Seylonda (Shri-Lanka) choy plantatsiyalariga ega edi. Juda chiroyli ko‘zlari, mag‘rurligi va jasurligi bilan har qanday erkakni gipnoz qila olar edi.  

Nina Sheylaning bolaligi orolda o‘tdi va yigirma yoshida dunyoni zabt etishga kirishdi. Avval Liverpulga, keyin Londonga va keyin Parijga yo‘l oldi.

Aynan o‘sha yerda uni mashhur Per Balmen payqadi – uni modalar uyi yonida turib, muzqaymoq yeb, deraza vitrinasiga qarab turganida ko‘rdi.

Tez orada u supermodelga aylandi. Ijtimoiy tadbirlar, jurnallar, shoular, yaxtalar, ziyofatlar... Ammo u tez orada bu kasbidan zerikdi, aktrisa bo‘lishni xohladi.

Qiz kinoni orzu qilardi, ammo... u  turmushga chiqdi. Uning tanlagani 32 yoshli baron Xans Geynrix Tissen-Bornemiss  o‘sha davrning deyarli eng boy odami edi. To‘y 1954-yilda bo‘lib o‘tdi.

To‘g‘ri, to‘ydan oldingi dastlabki ikki yil davomida Nina Sheyla shunchaki uning xushtori edi. Sababi u tanlagan erkak Germaniyaning hukmron knyazlarining juda qadimiy oilasidan bo‘lgan haqiqiy avstriyalik malika Tereza Lippe-Vaynfeld qonuniy turmush o‘rtog‘i edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, baron Ninani o‘ziga ma’shuqa bo‘lishni taklif qilganda, u qat’iyat bilan so‘radi: «Buning evaziga men nima olaman?»

Va tabiiyki o‘z davrining deyarli eng boy odami, xasislik qilmadi. U ayolni cheksiz sovg‘alar bilan siyladi: eng qimmat mo‘ynalar, eng qimmat taqinchoqlar, eng qimmat mashinalar... Va sovg‘alar orasida Yamayka qirg‘oqlari yaqinidagi Pelev oroli va ikkita pantera ham bor. U bu yovvoyi mushuklarni shu qadar yaxshi ko‘rganki, hatto panteralarning shakli tushirilgan brilliant taqinchoqlarga ham ega bo‘lgan.

Qiz orolda kulba qurib, u yerda istagancha yashadi, cho‘mildi. Va Dolli va Elizabet – panteralari uning sodiq hamrohlariga aylandi – hamma joyda jonzotlari bilan birga yurdi.

Va shunga qaramay, tez orada bu ham unga yetarli emasdek tuyuldi, Nina qonuniy xotin bo‘lishni xohladi. Baron bo‘ysundi. Chunki erkak Nina Sheylani deb aqldan ozgan va hamma narsaga tayyor edi. Biroq, Nina Dayer ko‘p o‘tmay oila rishtalarini uzib tashladi. Aslida Geynrix Tissenning oilaviy hayoti qizni uchratmasdan oldin ham unchalik omadli emas edi. Aytishlaricha birinchi xotini – juda qadimiy knyazlar oilasidan bo‘lgan avstriyalik malika kelib chiqishini eslatib doimo uni kamsitgan.

Buni qarangki, shuncha iltifot va e’tiborga qaramay to‘ydan uch oy o‘tgach Nina Sheyla ham uni dog‘da qoldirdi –xotini unga yosh aktyor Jan-Klod Brali bilan xiyonat qilayotganini sezib qoldi.

Ko‘rib turganingizdek, hatto ko‘p pul ham oilaviy baxtni kafolatlamaydi.

Bizning hikoyamiz qahramoni juda yaxshi meros bilan ajrashdi: 2,8 million dollar, Fransiya janubidagi qal’a, eri sovg‘a qilgan barcha zargarlik buyumlari va orol. Uning munosabatlari aktyor bilan ham uzoqqa cho‘zilmadi.

Ajralishlardan so‘ng, Nina bir muncha vaqt yolg‘iz qolishni xohlayotganini e’lon qildi. Ammo... 1957-yilda u yana 24 yoshli shahzoda Sadruddin Og‘axonga turmushga chiqdi.

Birinchi eri singari, shahzoda ham Nina tufayli aqldan ozgan. Ayolga uylanish uchun u oilasiga, hammaga qarshi chiqdi. Nina o‘z navbatida islomni qabul qilib, o‘ziga Shirin deb ism qo‘ydi. Yangi turmush o‘rtog‘i muhim lavozimlarni egallagan edi: u diplomat va BMTning qochqinlar bo‘yicha vakolatli xodimi bo‘lgan. Nina esa uysiz hayvonlarga yordam berishdan zavqlangan.

Shahzoda Sadruddin ham unga har xil qimmatbaho sovg‘alar yog‘dirdi, undan tashqari xotiniga yana boshqa bir orolni berdi. Va bu nikoh ham uzoqqa bormadi – 1962-yilda ular ajrashishdi.

Aytishlaricha, juftlikning ajralishiga ko‘ylak sabab bo‘lgan. Bir juma kuni butun oila, jumladan, erning ota-onasi, amakilari va ularning xotinlari – barcha qarindoshlar kechki ovqatga yig‘ilishdi. Nina dasturxon boshiga juda ochiq-sochiq libosda keldi. Buni ko‘rgan ayollar baqirib yuborishdi. Erkaklar uni u yerdan sudrab olib chiqishga shoshilishdi. Baxtsiz er esa qo‘llari bilan ko‘zlarini to‘sib o‘tirdi. Shundan so‘ng darhol ajralish sodir bo‘ldi. Darg‘azab shahzoda g‘azab bilan dedi:

– Sening joying o‘rmonda, yovvoyi maymunlar orasida!

Shu yerda ertak tugaydi. Ajralishdan keyin Nina Parijga borib, aktrisa bo‘lishga harakat qildi. Lekin Parijda uni  hurmat-e’tibor bilan kutib olishmadi, hatto uning ustidan kulishdi va u bunga o‘rganmagan edi. U o‘ziga mos kelmaydigan narsalarga umuman o‘rganmagan edi. Hamma narsa har doim o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgan, hamma narsaga hech qanday kuch va harakat qilmasdan erishgan. Darhaqiqat, bu uning hayotidagi birinchi muvaffaqiyatsizlik edi.

Shundan so‘ng ayol o‘zini yolg‘izlikka mahkum qildi. U qarovsiz itlarga g‘amxo‘rlik qila boshladi. Zargarlik taqinchoqlarini panteralarining bo‘yniga taqib qo‘ydi. U spirtli ichimliklar va kokainga qaram bo‘lib qoldi. Ba’zan ayol mahalliy klublarga chiqib, hushidan ketgunicha mast bo‘lar, uni qo‘riqchisi uyiga olib kelib tashlardi.

Va bir kuni hammasi ayanchli tugadi – u yotoqxonasidan o‘lik holda topilgan, qonida spirtli ichimliklar va katta dozadagi uyqu tabletkalari topilgan. Nina Dayer endigina 35 yoshda edi. O‘limning sababi depressiya tufayli o‘z joniga qasd qilish, deb taxmin qilindi. To‘g‘ri, uning boyliklarini o‘g‘irlash uchun uxlatuvchi dori berib o‘ldirishgan bo‘lishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Lekin bu endi muhim emas.

Bir narsa aniq. U orzu qilgan hamma narsaga ega edi, lekin bu boylik va hashamat uni baxtli qilmadi. O‘zi aytganidek: «Shunday bo‘ldiki, buyuk narsalar mening kundalik hayotimga aylandi»...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring