Gvineya sobiq prezidenti Kamara 20 yilga qamaldi
Gvineyaning sobiq prezidenti Mussa Dadis Kamara 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U qariyb 15 yil avval sodir etilgan, mamlakat poytaxti Konakridagi stadionda 150 dan ortiq odamning o‘limiga olib kelgan va 100 dan ortiq ayolning nomusi toptalgan insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topildi.
Konakrida bo‘lib o‘tgan sud jarayonini Guinee Matin yangiliklar portali jonli efirda uzatdi.
Prokuratura 60 yoshli sobiq prezidentni bir umrga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragandi. Kamara bilan birga uning atrofidagi va o‘sha davrda hukumat ishlarida faoliyat yuritgan 11 shaxs sudga tortildi. Ulardan yetti nafari aybdor deb topilib, 10 yildan 18 yigacha muddatga qamoq jazosini oldi.
Ta’kidlanishicha, Kamara prezidentligi davrida hukumat tizimlarida muhim rol o‘ynagan Klod Pivi sirtdan 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilinib, uni hibsga olish uchun xalqaro order berilgan.
Ma’lumot uchun: Mussa Dadis Kamara davlat to‘ntarishi (2008) oqibatida Gvineya hukumati tepasiga kelgan. Hozirgi prezident Mamadi Dumbuya ham xuddi shu yo‘l bilan (2021) prezident bo‘lib turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter