G‘uzorda koronavirusdan vafot etgan fuqaroni qabul qilgan shifokorlar qiyin sharoitda qolgani aytilmoqda (video)
Kuni kecha, Sog‘liqni saqlash vazirligi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yashovchi 64 yoshli S.H. o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar bergan edi.
Unda qayd etilganidek, 29-iyun kuni ahvoli og‘irlashganligi sababli shifokorga kech murojaat qilgach, G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limiga ikki tomonlama o‘tkir pnevmoniya og‘ir darajasi, yurak va nafas yetishmovchiligi va qandli diabet og‘ir kechishi tashxisi bilan yotqizilgan. Mutaxassislar tomonidan standartlar asosida ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan, bemor vafot etgan.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shoshilinch tez tibbiy yordam va jonlantirish bo‘limida ishlovchi tibbiyot xodimlari tomonidan murojaatlar tarqaldi.
«Nasafnews» xabariga ko‘ra, videomurojaat yo‘llagan tibbiyot xodimlari karantinda saqlanayotganlarga yaratilgan sharoitlar qoniqarsiz ekanini ma’lum qilishgan. Qayd etilishicha, ayni paytda 20 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari shifoxonada karantinda qolishmoqda.
Mazkur bo‘lim shifokori koronavirus alomatlari bor bemor nega yuqumli kasalliklar shifoxonasi emas, aynan jonlantirish bo‘limiga olib kelinganligidan hayronligini bildirgan.
Ayni paytda karantinda saqlanayotgan shifokorlarga sharoit yetishmasligi, hatto qo‘l yuvishga ham sharoit yo‘qligi aytilmoqda.
— Hovuzdan suv olishga qo‘rqib qolganmiz. Tibbiy niqob, qo‘lqop, birlamchi dori vositalari yetishmaydi. O‘zimiz virus o‘chog‘ida turibmiz. Ammo sharoit bo‘lmasa, qanday virusdan himoyalanamiz, – degan shifokorlardan biri.
Ma’lum qilinishicha, marhumning akasi va turmush o‘rtog‘iga ham koronavirus yuqqani ehtimoli yuqori. Hozirda ular bo‘limdan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter