Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gruziyada chechenlar va maxsus kuch xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi

Gruziyada chechenlar va maxsus kuch xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: «RIA Novosti»

Gruziyadagi Pankiss darasida istiqomat qiladigan mahalliy chechen millatiga mansub fuqarolar va maxsus kuch xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Natijada maxsus kuchlardan 15 xodim tan jarohati olgan.

To‘qnashuvga Pankiss darasida qurilishi boshlangan GES sabab bo‘lgan. Mahalliy aholi qurilishga qarshi bo‘lgani uchun hukumat bilan kelishmovchilik yuzaga keldi. Gruziya IIV vaziri Georgiy Gaxariya vaziyatga oydinlik kiritilishini aytib o‘tdi.

«Ichki ishlar xodimlari orasida 15 kishi jarohat olgan va traktor hamda boshqa texnikalar yonayotgan vaqtda GES haqida gaplashmasdan, boshqa narsalar haqida qayg‘urish lozim», — deydi vazir.

Shu bilan birga u mahalliy aholi vakillariga ham murojaat qilib o‘tdi: «Agar siz GES qurilishiga qarshi bo‘lsangiz, hammamiz birdammiz-ku, bitta mamlakatda yashaymiz, axir har doim qardoshlar kabi yashaganmiz. Nima uchun formadagi odamlarga tosh otdingiz? Bunday qilish mumkin emas!» — deydi Georgiy Gaxariya.

Vazir shu bilan birga hech bir fuqaroning, u xoh IIV libosida bo‘lsin, yoki namoyishda qatnashgan odam, huquqlari poymol bo‘lmasligini bildirdi. U GES qurilishiga qarshi namoyishga chiqqanlardan «niqobni yechib qo‘yib, muzokaraga kirishish»ni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Pankiss darasida «Xadori-3» kichik GES qurilishi rejalashtirilgan edi. Ammo chechen millatiga mansub bo‘lgan mahalliy aholi bunga qarshi chiqdi. Huquq-tartibot organlari namoyishga qarshi politsiya va maxsus kuchlarni tashladi. Oqibatda to‘qnashuv kelib chiqdi.

«Xadori-3» qurilishi 12 oy davom etishi kerak edi. Uning quvvati 5,4 megavattga baholangan. Mahalliy faollar esa GES dara tabiatiga zarar keltirishini ta’kidlab, qarshi chiqayotgandi.

Bir necha kun muqaddam Gruziya hukumati vakillari kelib, odamlar bilan muloqot qilgan va bahsli masalani hal qilishga va’da bergandilar. Ammo qurilish ishlari baribir boshlanib ketdi va kelishmovchilik keltirib chiqardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring