Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bank go‘sht va guruch narxi nima uchun oshganiga izoh berdi

Markaziy bank go‘sht va guruch narxi nima uchun oshganiga izoh berdi

Foto: «Plovuz.ru»

Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan o‘rganishlar natijalari may oyining dastlabki to‘rt haftasida tanlangan tovar va xizmatlar guruhi bo‘yicha o‘rtacha narxlar haqida xabar bergan edik.

Markaziy bank axborot xizmatining xabariga ko‘ra, may oyida respublika bo‘yicha guruchning o‘rtacha narxi 16,7 foizga o‘sdi. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, guruchning narxi oshishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar sifatida respublikada o‘tgan yilga nisbatan ob-havoning quruq kelishi va sug‘orish uchun suv zaxiralari yetishmovchiligi vujudga kelishining kutilishi, guruch yetishtiruvchilar tomonidan ushbu mahsulot joriy taklifini kamaytirib, kelgusi davr uchun zaxira qilishini ko‘rsatmoqda.

Bunda guruch importi hajmlarini oshirish hamda uning ichki bozordagi taklifi yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash ushbu mahsulot narxini barqarorlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, mazkur davrda go‘sht mahsulotlari narxining o‘rtacha sur’atda o‘sishi davom etdi. Jumladan, mol va qo‘y go‘shti narxlari mos ravishda 5,0 va 3,7 foizga oshdi. Ushbu soha mutaxassislari va fermerlar bilan o‘tkazilgan so‘rovlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, go‘sht narxining oshishiga asosiy sabab sifatida birja narxlarining o‘zgarmasdan turganiga qaramasdan, yem mahsulotlari chakana narxlarning oshib borayotgani hamda qish-bahor mavsumida yog‘ingarchilik kam bo‘lgani sababli yaylovlarda chorva mollari uchun o‘t kamligi ko‘rsatilgan.


Eslatma

Qayd etish lozimki, yuqorida keltirilgan iste’mol tovar va xizmatlar narxlarining o‘zgarish dinamikasi iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarni tahlil qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan olib boriladigan kuzatuvlarga asosan hisoblangan. Respublika bo‘yicha iste’mol narxlari indeksi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring