«Google» va Toshkentdagi Inha universiteti hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) va «Google» korporatsiyasi qo‘shma o‘quv dasturlari va startaplarni qo‘llab-quvvatlash orqali AT-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilishdi.
IUT rektori Sarvar Boboxo‘jayev «Google»ning Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyodagi ishlab chiquvchilari bilan ishlash bo‘yicha rahbari Barish Yesugey bilan muzokara o‘tkazdi.
2018-yilning 11-mart kuni Barish Yesugey Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurdi hamda «Women Techmakers 2018 International Women’s Day Celebration (IWD)» tadbirida ishtirok etdi.
«Google» vakili O‘zbekistondagi eng yosh universitetlardan birida talabalar va o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.
O‘z navbatida, Barish Yesugey O‘zbekistondagi ishlab chiquvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalari to‘g‘risida gapirib berdi. Uning qayd etishicha, korporatsiya bo‘linmalari mintaqadagi ishlab chiqaruvchilarga, jumladan, axborot hamda texnik qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga olgan turli xil yordam ko‘rsatmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi asosiy ish «Google Developer Groups (GDG)» deb ataluvchi yo‘nalishda olib boriladi.
Uchrashuv davomida tomonlar «Google I/O», «Women Techmakers», «DevFest», «Google Launchpad Accelerator» va shu kabi turli xil tadbirlarni o‘tkazish orqali AT sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash hamda qizlarni AT-sohasiga jalb etish masalalarini muhokama qilishdi.
Tomonlar ishchi tartibda hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha muhokamalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Barish Yesugey Toshkent shahridagi Inha universitetining o‘quv binolari bilan tanishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter