«Google» ortidan. Yirik IT-kompaniyalar «Huawei» bilan orani uzdi
AQShning axborot texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi bir necha kompaniyasi Xitoyning «Huawei» kompaniyasiga o‘z ishlanmalari va dasturiy ta’minotini yetkazishni to‘xtatdi. Bu haqda bugun, 20-may kuni «Bloomberg» agentligi xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq shu qarorga kelgan «Google» qatoriga «Intel», «Qualcomm», «Xilinx» va «Broadcom» ham qo‘shildi. Bu ish AQSh ma’muriyati «Huawei»ni «qora ro‘yxat»ga kiritganidan so‘ng amalga oshdi.
Eslatib o‘tamiz, «Google» kompaniyasi «Huawei» bilan biznes-aloqani uzganidan so‘ng xitoyliklar kompaniyasi, ochiq foydalanishdagilari istisno qilinganda, dasturiy ta’minot va ularning yangilanishlaridan uzildi. Bu shuni anglatadiki, «Huawei» smartfonlarining so‘nggi modellari android amaliy tizimini yangilay olmasligi mumkin.
Ma’lumot uchun: Donald Tramp AQSh axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini tashqi tahdidlardan muhofazalash maqsadida 15-maydan favqulodda holat joriy etgan. O‘sha kuniyoq AQSh savdo vaziri «Huawei» va u bilan aloqadagi kompaniyalarni «qora ro‘yxat»ga kiritishini bildirdi. Vashington muntazam ravishda «Huawei»ni XXR maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishda ayblab keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter