Germaniyada chilimxonadagi otishmada sakkiz kishi halok bo‘ldi
Payshanba, ya’ni 19-fevral kuni kechasi Gessen hududidagi Xanau shahrida jinoyatchi yoki jinoyatchilar tomonidan qilingan otishma natijasida sakkish kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar berdi nemis matbuoti.
«Hessenschau» nashrining yozishicha, jinoyatchi yoki jinoyatchilar guruhi mahalliy ikkita chilimxonada o‘t ochishgan. Buning oqibatida shahar markazining Xoymarkt hududidagi chilimxonada uch kishi, boshqa hududdagi chilimxonada yana besh kishi halok bo‘lgan. Yana besh kishi esa og‘ir jarohatlangan.
«Hanauer Anzeier» nashriga ko‘ra, hujum qilgan kishi yolg‘iz o‘zi bo‘lgan. «Jinoyatchi Kurt-Shumaxer-Platsda chilimxona va bukmekerlik kontorasiga bostirib kirgan. Chekish zaliga kirish uchun qo‘ng‘iroq qilgan. Chekish zalida o‘q uza boshlagan», ‒ deb yozadi nashr. Shundan so‘ng jinoyatchi Xoymarkt hududida o‘t ochgan.
Politsiya guvohlardan hodisa haqida ma’lumot berishni so‘ragan.
Ko‘p o‘tmay Xanau shahrida otishmada gumon qilinayotgan shaxs o‘zining uyida o‘lik holida topilgan, yonida bir kishining murdasi ham bor, deya xabar beradi mahalliy politsiya.
Gumonlanuvchi shaxsning ism-familiyasi hozircha oshkor etilmayapti.
Xanau Mayndagi Frankfurtdan atigi 20 km masofada joylashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter